Eksklyuziv! Mark Riss: Abdulla Qodiriy haqida badiiy film suratga olmoqchiman

18:17 15 May 2018 Madaniyat
1439 1

Mark Riss — AQShning Vashington universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan o‘zbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” bo‘yicha ta’lim olgan. 
U 23 yillik ish faoliyatini Markaziy Osiyoda “Tinchlik korpusi” ko‘ngillisi sifatida boshladi. 1994 — 1997 yillarda O‘zbekistonda ishladi. Termiz, Samarqand, Qo‘qon shaharlarida ingliz tilidan bolalarga dars berdi va o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qildi. Ayni paytda Tennesi shtati Neshvil shahrida toshkentlik rafiqasi va o‘g‘li bilan yashaydi. 
“Xalq so‘zi” gazetasi maxsus muxbiri AQShda ijodiy safari davomida Mark Riss bilan uchrashib, suhbatlashdi. Muloqot esa o‘zbek tilida bo‘lib o‘tdi.

—    Mamlakatingizda bir necha yil davomida haqiqiy o‘zbeklardek yashaganman, — deya gap boshladi mezbon. — Xalqingizning mehmondo‘stligi, boy madaniyati, hech qaysi mamlakatlarda uchramaydigan, faqatgina o‘zbeklarga xos bo‘lgan noyob urf-odatlar meni o‘ziga rom etgan. 

— O‘z haqingizda qisqacha gapirib bersangiz. Qanday sabab bilan O‘zbekistonga borgan edingiz?
— 7-sinfda o‘qiyotganimda, Darz Bergor ismli o‘qituvchim hayotimda muhim rol o‘ynadi. U 1963-1964 yilda Afrikaning Gana davlatida tinchlik korpusida ishlagan edi. Unga havas qildim. Shu sohada ishlashni niyat qildim. O‘sha o‘qituvchim Sovet ittifoqi tarqab ketgandan so‘ng, uning tarkibida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda juda ko‘p mamlakatlar borligi, AQSh ular haqida deyarli ma’lumotlarga ega emasligini aytdi. Shimoliy Arizona Universitetining ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsilni tamomlagach, Tinchlik korpusining markaziy shtabiga borib o‘z takliflarimni va Markaziy Osiyoda shu sohada ishlash niyatim borligini aytdim. Ikki haftadan so‘ng taklifnoma keldi. Unda hatto O‘zbekistonning joylashgan hududi Shimoliy Pokiston, deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan edi. Shunday qilib, 1994 — 1997 yillarda tinchlik korpusida ishladim. Avvalo, Samarqandda o‘zbek tilini o‘rgandim. Keyin Qo‘qon shahridagi 23-maktabda ingliz tilidan bolalarga dars berdim. Qo‘qon shahri mening hayotimda eng yorqin iz qoldirdi. Chunki, qadimiy shahardagi asl o‘zbekona urf-odatlar, tarixiy qadamjolar menga juda yoqqan. Ayniqsa, Qo‘qon shahridagi o‘zbek oilasida ikki yil davomida yashaganim o‘zbek tilini mukammal bilib olishimda tamal toshini qo‘ydi. 

— Bizning sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilibsiz. Bunga nima turtki bergan edi? 
— 1997 yilda tinchlik korpusidagi faoliyatim nihoyasiga yetib AQShga qaytdim. Vashington Universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” bo‘yicha magistrlik maqomini oldim. 2000 yilda jonajon vatanimdek bo‘lib qolgan O‘zbekistonga borib aspiranturadagi ilmiy ishimga mavzu topish bahonasida qadrdonlarim bilan ko‘rishish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Ilmiy rahbarim professor Ilza Sirtautas xonimdan ruxsat so‘raganimda, u: “O‘tkan kunlar” asarining uch bobini tarjima qilsang, aspiranturani bitirgan bo‘lasan”, deb shart qo‘ydi. Men rozi bo‘ldim. Shu bahonada asarni to‘liq tarjima qilishga erishdim.

Tarjima jarayonida har gal biror so‘z va asardagi voqelikni ingliz tilida qanday bayon qilish ustida bosh qotirsam professor Ilza xonim ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Chunki u tarjima san’ati har qanday izlanishdan ko‘ra mashaqqatli ekanligini yaxshi anglagan. Yillar davomida tarjima jarayonida har bir sahifada yaxlit bir ilmiy ish qilayotganimni his qilganman. Tarjimaga qo‘l urishdan avval asardagi o‘sha davr tarixi, ijtimoiy-siyosiy vaziyat, urf odatlarning turkiy xalqlar oilalaridagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarni o‘rganib chiqdim. Bu odatlarga Qo‘qonda o‘zbek oilasida yashaganimda ko‘p marta duch kelganman. Masalan, asarda kelinning choy uzatishi, ota-ona va farzandlar suhbatidagi muomala odobi, andisha, lutf, mehmon kelishiga tayyorgarlik ko‘rish... hammasini avvalo to‘liq his etdim.

Keyin birinchi ishni Toshkentdagi Abulqosim madrasasi bilan hamkorlik o‘rnatishdan boshladim. Abdulaziz Muhammadkarimov kerakli, lug‘atda yo‘q so‘zlarning mazmunini tushuntirishda, beradigan ikkinchi ma’nolari va etimologiyasini anglatishda juda katta yordam berdi. Madrasadagi Qahramonshoh Ismoilov, Kamoliddin Mirzayevlar esa asarga chiziladigan suratlarda ko‘mak qo‘lini cho‘zishdi. Afg‘oniston safarida 1907 yilda bosmadan chiqqan ikki tomli O‘zbek tilining izohli lug‘atini sotib olgandim. Tarjima jarayonida ana shu lug‘at ko‘p tarixiy so‘zlarga asos bo‘ldi. Har kuni ishdan keyin bir betga 8 soatdan vaqt sarfladim. Rafiqam Yelenaga rahmat deyman. O‘zbek tilini yaxshi biladigan bu ayol men bilan birga tajimonlik qildi, desam adashmayman. Tarjimani 2005 yilda O‘zbekistonda boshlab 2017 yilda AQSh da tugatdim. Indiana Universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan toshkentlik olima Umida Hikmatullayeva kitobga muharrirlik qilgan.

Men o‘zim va tarjimamni asar qahramoni Otabekka qiyoslayman. U Marg‘ilon — Toshkent o‘rtasida ishq tufayli qatnaganidek, men ham Amerika va O‘zbekiston o‘rtasida “O‘tgan kunlar” asariga bo‘lgan muhabbatim sabab ko‘p bora kelib-ketib yurdim. 

Ushbu asar tarjimasi bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Endi Abdulla Qodiriyning o‘z hayotini, ijod maktabi haqida ssenariy yozib, badiiy film olmoqchiman. Chunki, Markaziy Osiyoda qanday buyuk ijodkorlar, qalam ahli borligini, ular har qanday og‘ir kunlarda ham o‘z maqsadlari, orzu umidlaridan, xalqidan voz kechmaganliklarini butun dunyo, jumladan, amerikaliklar ham katta ekranlar orqali bilishini juda-juda istayman. 
“Xalq so‘zi” maxsus muxbiri
Elyorjon EHSONOV suhbatlashdi
AQSh, Kolumbiya okrugi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?