Eksklyuziv intervyu: AQSHlik tadqiqotchi Kristofer Fortni oʻzbek tilini oʻrganishga nima majbur qildi?

11:10 29 Oktyabr 2018 Madaniyat
655 0

Chet elliklarning ona tilimizga tez-tez murojaat qilayotgani oʻzbek tilining dunyodagi mavqei yuksalib borayotganidan dalolatdir. AQSHlik adabiyot muxlisi, mustaqil tadqiqotchi Kristofer Fort ona tilimizni puxta oʻrganib, Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilgani ham bunga yorqin bir misol boʻla oladi. U bilan internet orqali suhbat uyushtirdik.

— Janob Fort, sizning oʻzbek tiliga qiziqishingiz va mehringiz bizni doim xursand qiladi. Turkiy tillar orasidan aynan oʻzbek tilini oʻrganishingizga nima sabab boʻlgan?
— Oʻzbek tilini oʻrganishni universitetda ilmiy rahbarim tavsiya qilgan edi. Izlanishlarim jarayonida ushbu tilning imkoniyatlari naqadar kengligini, ildizlari baquvvat va mustahkamligini, bugun ham Markaziy Osiyoning katta hududida isteʼmolda ekanini bildim. Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon singari buyuk soʻz sanʼatkorlari, ulugʻ adiblar ijod qilgan tilga mehrim tushdi. Qiyinchiliklarga qaramay, oʻrganishdan toʻxtamadim. Mana, bugun oʻzbek tilida erkin soʻzlashaman va yoza olaman.

— Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilganingiz nafaqat oʻzbek, balki jahon adabiyoti uchun ham alohida ahamiyatli. Ushbu asarni tanlashingizga nima turtki berdi?
— Choʻlponning oʻziga xos estetik qarashlari, falsafasi meni jalb qildi. 1920 va 1930 yillarda asar yozgan boshqa oʻzbek yozuvchilaridan farqli oʻlaroq Choʻlponning nasriy tili juda shirali. Har holda men shunday oʻylayman. Menimcha, Choʻlpon jadid adabiyotining mohiyatini yangi bir bosqichga koʻtardi. Jadidlar millatni tanazzuldan chiqarishni xohlaganlar. Rivojlanishning oʻziga xos yoʻllarini badiiy boʻyoqlarda koʻrsatib bergan. Shu bois jadid adabiyotining qadri va ahamiyati hech qachon yoʻqolmaydi.

— Oʻzbekistonda adabiyotga eʼtibor haqida nima deya olasiz?
— Avgust oyida Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdim va unda Choʻlponning “Kecha va kunduz”i haqida nutq soʻzladim. Konferensiya mobaynida Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, undagi zamonaviy sharoit, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida yaratilgan imkoniyatlar, umuman, respublikadagi adabiy muhit menga juda yoqdi.

Til va adabiyot rivojiga berilayotgan eʼtibor havasimni keltirdi. Amerikada ham albatta adabiyotga eʼtibor berishadi, biroq bizlarda uslub sal boshqacha. Sizlarda Navoiy, Qodiriy, Choʻlpon desa koʻpchilik taniydi. Taʼlim muassasalarida ham ular hammaga birday oʻqitiladi. Bizlarda har xil maktablarda oʻqigan bolalar gaplashib qolsalar, bir-birlaridan kimlarni oʻrganayotganliklarini soʻrashadi. Aslida, millat namoyondalari barchaga birdek tanishtirilishi kerak. Yurtingizda ajdodlar va ularning ijodiy merosiga hurmat boshqacha. Bu esa taraqqiyotga muhim poydevordir.
Yulduz OʻRMONOVA suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?