Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari inspektorining faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi

11:34 06 Oktyabr 2020 Hujjatlar
133 0

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, shuningdek uning koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun fuqarolarga 669 ming soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa 1 mln 115 ming soʻmgacha jarima qoʻllaniladi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 125-2-modda bilan toʻldirilib, unga koʻra boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuklarni va (yoki) yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi (4 mln 460 ming soʻm jarima).

Mazkur maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqish vakolati Transport vazirligi organlariga berildi.

Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, tovar belgisidan oxirgi 3 yil (ilgari 5 yil) davomida Oʻzbekiston hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi boʻyicha sud qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar esa Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?