Ekologiya hashari: Murodjonning bir kunlik ish haqiga 8 kilogramm saksovul urugʻi sotib olish mumkin

15:55 26 Yanvar 2019 Jamiyat
639 0

Muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Guliston. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi masʼul xodimi Murodjon Hayitov ish haqidan 80 ming 952 soʻmni “Yurtimizni yanada obod qilaylik” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan ekologiya hashari jamgʻarmasiga oʻtkazdi. Aytish lozimki, ushbu mablaqqa taxminan 8 kilogramm saksovul urugʻi sotib olish va Orolning qurigan hududidagi bir necha sotix maydonda ana shu ziroat oʻrmonini tashkil etish mumkin.

Gap shundaki, umumxalq ekologik hasharidan tushgan mablagʻlar Orolboʻyi hududidagi ekologik muhitni va aholi turmush sharoitlarini yaxshilash singari xayrli tadbirlarga yoʻnaltirilishi moʻljallangan.

Viloyatda boʻlib oʻtayotgan hasharda ana shunday ezgu niyatlari bilan va yurtimizni bundan-da obod, koʻrkam qilishga hissa qoʻshishda minglab kishilar ishtirok etmoqda. Masalan, Sayxunobod tumani tashkilot va muassasalari jamoalaridan 150 ortiq kishi avtomobil yoʻllari chetlarini tartibga keltirish bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, Yangiyer shahrining Temur Malik mahallasi ahli “Obod mahalla” dasturi ijrosidan soʻng koʻrkam qiyofaga kirgan goʻshalari chiroyiga yanada chiroy qoʻshish istagida hasharga chiqishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?