Ekologik reyd nazorat tadbirida saksovul oʻgʻrilari faoliyati fosh etildi

14:35 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
214 0

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha Zarafshon shahar inspeksiyasi xodimlari tomonidan Zarafshon hududida ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida reyd nazorat tadbiri oʻtkazilganda Markaziy Qizilqum hududida saksovullardan oʻtin sifatida foydalanish maqsadida“yashil olam”ga zarar yetkazish qonun buzilishi holati aniqlandi.

Yaʼni, Zarafshon shahar Alisher Navoiy MFY da istiqomat qiluvchi fuqaro F.S. tomonidan Zarafshon shahar Daguztau qoʻrgʻoni yaqinidagi muhofaza etiladigan choʻl hududidan noqonuniy ravishda hoʻl va oʻsishdan toʻxtamagan saksovul butalarini sindirib, olib ketayotgan vaqtida ushlandi. Ushbu holat asosida fuqaro “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 37- moddasini buzganligi uchun shu qonunning 51-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 290-sonli qarorining “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni noqonuniy kesish toʻgʻrisidagi” 14-ilovasiga asosan javobgarlikka tortildi.

Ularga koʻra fuqarodan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79- moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 10 baravari yaʼni, 2 million 230 ming soʻm jarima hamda tabiatga yetkazilgan 3 million 122 ming soʻmlik zarar undiriladigan boʻldi. 

Avtomashina NKMKga tegishli ekanligini inobatga olsak, fuqaroning xatti - harakati mehnat jamoasida ham jiddiy muhokama qilinishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?