Ekologik muammolar bir davlat yoki mintaqaga daxldor emas

15:10 04 Iyun 2019 Jamiyat
270 0

Illyustrativ foto

1972-yil 5-iyunda Stokgolm shahrida BMTning atrof-muhitga bagʻishlangan konferensiyasida Butunjahon atrof muhit kunini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarordan koʻzlangan maqsad xalqaro hamjamiyat eʼtiborini atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdan iboratdir. Mana, 47 yildirki, dunyo miqyosida mazkur sanaga bagʻishlab turli tadbirlar, koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi. Bogʻlar yaratish, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar uyushtiriladi. Bu bekorga emas, albatta. Chunki bugun tabiat eʼtiborga muhtoj. Turfa xil ekologik muammolar insoniyat hayotiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda.

Kecha poytaxtimizdagi “Gʻofur Gʻulom” nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida Oʻzbekiston ekologik harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirini ham mazkur yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi deyish mumkin. Tadbir “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, Konrad Adenauer fondi, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi agentligi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, Global suv hamkorligi tashkiloti, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Toshkent Hayvonot bogʻi, “Zamona Rano” MCHJ, “Medical express” NNT va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Marosimda soʻzga chiqqan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari B. Alixonov, Yevropa ittifoqi delegatsiyasi rahbari E. Stiprays va boshqalar qayd etganidek, bugun ekologik muammolar bir davlat yoki mintaqaga daxldor masala boʻlib qolayotgani yoʻq. Binobarin, uning taʼsirini dunyoning istalgan nuqtasida sezish mumkin. Bunga Orol dengizining qurigan qismidan havoga har yili 100 million tonna tuz va qum changi koʻtarilib, u, hatto, abadiy muzliklargacha yetib borayotgani fikrimiz tasdigʻidir. Shunday ekan, tabiatni aslicha asrash, atrof-muhit musaffoligini taʼminlash, yuzaga chiqayotgan ekologik masalalarga yechim topish jahon hamjamiyatining zimmasidagi masʼuliyatli vazifaga aylanmogʻi darkor.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Oʻzbekiston ekologik harakati, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan respublika “Onajonim tabiat” ijodiy tanloviga yakun yasalib, uning gʻoliblari tashkilotchilar hamda homiylar tomonidan munosib ravishda ragʻbatlantirildi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, mazkur tanlovga respublikamizning turli hududlaridan bir-biridan yaxshi, sermazmun, tabiat manzaralarini tarannum etuvchi rasmlar bilan boyitilgan 100 ga yaqin insholar, sheʼrlar va rasmlar kelib tushganligi, hakamlar hayʼati tomonidan ularning eng saralarini tanlab olindi.

Aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirishda, ularning atrof-muhit muhofazasi ishlarida faolligini oshirishda hamda sohaga oid yangiliklar, qonunchilikdagi oʻzgarishlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni beqiyosligi eʼtirof etildi.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga, keksa yoshli faollarga bayram sovgʻalari tortiq etildi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Ekologik partiya va Oʻzbekiston davlat tabiat muzey oʻrtasida atrof muhitni muhofaza qilish, yosh avlodning ekologik madaniyatini yuksaltirish, uzluksiz ekologik taʼlim-tarbiya tizimiga koʻmaklashish borasida hamkorlik qilish boʻyicha Memorandum imzolandi.

Dilshod ULGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?