Terimda qatnashishni rad etgani uchun fuqaroga zulm qilingan 4 ta holat aniqlangan

11:15 01 Mart 2019 Jamiyat
360 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Ombudsman Qoraqalpogʻiston Respublikasida paxta terish boʻyicha mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarini tashkil etish chogʻida Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy yoki shart boʻlgan mehnat toʻgʻrisida”gi 29-son va “Majburiy mehnatni bekor qilish toʻgʻrisida”gi 105-son konvensiyalarining ijrosini oʻrganib chiqqan.

Monitoring davomida qishloq xoʻjaligi ishlarida band boʻlgan 70 dan ziyod fuqaro, shuningdek fermer xoʻjaliklarining 10 nafar rahbari bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.

Oʻrganish natijalari, umuman olganda, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini qayd etish imkonini berdi. Shu bilan birga, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilgan ayrim holatlar tilga olindi. Fuqaro mehnatga majburlangan 3 ta holat, byudjet tashkilotlari xodimlaridan pul mablagʻlari olingan 5 ta holat, voyaga yetmagan shaxs mehnatga jalb qilingan 2 ta holat va ekin terishda qatnashishni rad etgani uchun fuqaroga zulm qilingan 4 ta holat shular jumlasidandir. Barcha 14 ta holatda mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzishga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Monitoring natijalari Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha parlament komissiyasiga yetkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?