Ekin maydonlaridan qanday foydalanilyapti? Oʻrganish jarayonida juda koʻp kamchiliklar aniqlandi

12:20 10 Aprel 2019 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Prezidentimizning 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, Oliy Majlis Senati aʼzolari zimmasiga ham qator vazifalar yuklatilgan.

Yaʼni hujjatning toʻlaqonli ijrosini taʼminlash maqsadida har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatlari, har oyda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha muhokamalar oʻtkazib kelmoqda. Koʻrilgan choralar oʻzini qay darajada oqlamoqda? Joylarda Farmon ijrosi toʻliq taʼminlanyaptimi?

Avvalo, qayd etish joizki, mazkur tartibning joriy qilinishi qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, bu borada fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalaridan tortib barcha darajadagi rahbarlarning masʼuliyati hamda javobgarligini ­kuchaytirish mamlakatda oziq-­ovqat xavfsizligini taʼminlashga ­xizmat qiladi.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlarning oʻz vaqtida va samarali olib ­borilishi ustidan Oliy Majlis Senati aʼzolari tomonidan muntazam nazorat oʻrnatilgan.

Joriy yilning oʻtgan davrida senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, jamoatchilik faollari hamda masʼul vazirlik va idoralar vakillari hamkorligida joylarda aholi bilan ekin maydonlaridan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish borasida qonunchilikda belgilangan imtiyozlar xususida, shuningdek, ekin maydonlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanganlik uchun nazarda tutilgan qonuniy taʼsir choralari toʻgʻrisida tegishli tushuntirish hamda targʻibot ishlari olib borilgan.

Shu bilan birga, oʻrganishlar mazkur yoʻnalishda faol deputatlik va jamoatchilik nazoratini taʼminlash borasida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashlarida, jumladan, ularning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiya­larida, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan foydalanish holatini ­muhokama qilish samaradorligi pastligicha qolmoqda. Xususan, masʼullar tomonidan qilingan ishlar yuzasidan har chorakda ­Senatga axborot taqdim qilish belgilanganiga qaramay, oʻtgan yilning IV choragi yakuni boʻyicha xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi tomonidan maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilmadi.

Eng achinarlisi, xalq deputatlari tuman Kengashlarida oʻtkazilgan sessiyalar ishiga ommaviy axborot vositalari vakillari jalb etilmagani ularda oshkoralik va ochiqlikni hamda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga keng tushuntirish ishlari samaradorligini taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda. Bunday holat respublikamizning deyarli barcha tumanlarida kuzatiladi.

Hududlardan olingan maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, ­Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarining mahalla fuqarolar yigʻinlarida Farmon talablari bajarilmagan, yaʼni respublikamizdagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining deyarli teng yarmida hech bir sababsiz mavzu doirasidagi ­muhokamalar oʻtkazilmagan.

Aksariyat hollarda xalq deputatlari tuman Kengashlari qarorlarida yer maydonlari va suvdan samarali foydalangan hamda gʻoʻzani sifatli sugʻorgan suvchilarni ragʻbatlantirib borishni taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berilgan boʻlsa-da, ekin maydonlaridan samarali foydalanmagan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini toʻliq ekmagan, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomor­qa yer egalariga nisbatan yer ­uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishigacha boʻlgan ­qatʼiy javobgarlik choralari belgilab qoʻyilmagan.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashlari qarorlarida Farmon ijrosini taʼminlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan masʼul ­shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.

Xalq deputatlari Sariosiyo va Yakkabogʻ tumanlari Kengashlari qarorlarida deputatlarga mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilmagan. Bu esa ushbu muhim hujjatning samarali ijrosini taʼminlashga toʻsiq boʻlmoqda.

Baʼzi xalq deputatlari tuman Kengashlari, misol uchun, Angor, Bulungʻur, Boysun, Karmana, Navbahor, Payariq, Kogon, Ellikqalʼada qarorlar umumiy topshiriqlar berish bilan cheklanilib, ularda aniq fermer yoki dehqon xoʻjaliklarining ekin maydonlaridan foydalanish holati, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilinmagan va ularni bartaraf etish choralari belgilanmagan.

Xususan, muhokamalar yuzasidan Namangan viloyatining tumanlari hamda Dehqonobod, Shumanay, Uzun, Yangiyoʻl tumanlari Kengashlari qarorlari “shablon” koʻrinishida rasmiylashtirilgan, xolos.

Bekobod, Jondor, Kattaqoʻrgʻon, Mirishkor, Rishton, Gʻijduvon, Qarshi, Qoʻshkoʻpir, Hazorasp, Toshkent tumanlaridan tashqari boshqa hududlarda Kengash qarorlari, asosan, umumiy xususiyatda boʻlib, ekin maydonlaridan foydalanish borasida aniqlangan kamchiliklar va ular yuzasidan koʻrilgan taʼsir choralari aks ettirilmagan. Ekin maydonlaridan samarali foydalanishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar koʻrsatilmagan.

Muhokamalar oʻtkazilishi lozim boʻlgan Buvayda, Peshku, Oqdaryo, Oqoltin tumanlarida oʻtgan yilning toʻrtinchi choragida ham mazkur masala deputatlar eʼtiboridan chetda qolgan.

Andijon, Sirdaryo, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlari Kengashlariga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va takrorlanmasligining oldini olish maqsadida Senat Kengashining qarori bilan tegishli tavsiyalar berilgan boʻlsa-da, ular eʼtiborga olinmagan.

Bu nimadan dalolat beradi? Mazkur yoʻnalishdagi ishlarga yuzaki qaralayotgani, Prezidentimiz Farmonida belgilab berilgan vazifalar chuqur anglab yetilmaganligini koʻrsatadi.

Demak, senatorlardan hujjat ijrosini taʼminlashda yanada faol boʻlish, mahalliy Kengashlarning masʼuliyatini oshirishda jonbozlik koʻrsatish talab etiladi.

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?