YEXHT DIIHB: “Saylovlar hukumatning asosiy huquq va erkinliklarga nisbatan oshib borayotgan hurmati sharoitida boʻlib oʻtdi”

20:24 23 Dekabr 2019 Siyosat
284 0

23-dekabr Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan brifing va YEXHT rasmiy veb-sahifasida YEXHT DIIHB missiyasining joriy yilning 25-noyabridan 25-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi parlament saylovlarining kuzatuvlari natijalari toʻgʻrisida eʼlon qilingan dastlabki hisobotining asosiy xulosasi shundan iboratdir.

Hisobotda taʼkidlanishicha, “saylovlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan Oʻzbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarida oʻzgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlari doirasida oʻtkazildi”. Shu bilan birga, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida Oliy majlisga oʻtkazilgan saylovlar modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonidagi muhim bosqich boʻlib, davlat rahbarining taʼrifiga koʻra – ortga qaytarib boʻlmaydigan xarakterga ega ekanligi alohida qayd etilgan.

YEXHT yangi qabul qilingan Saylov kodeksida ilgari YEXHT DIIHB tomonidan berilgan tavsiyalar mavjud boʻlib, ushbu tavsiyalar saylovlarni huquqiy asoslarini xalqaro standartlar va YEXHT majburiyatlariga yaqinlashtirganini tan oladi.

“Markaziy saylov komissiyaning parlament saylovlarini namunaviy tarzda oʻtkazish boʻyicha amalga oshirgan sezilarli darajadagi saʼy-harakatlariga” ijobiy baho berildi. Hisobotda Markaziy salov komissiyaning saylovlarni oʻz vaqtida va belgilangan tartibda oʻtkazishga amal qilganligi aytiladi. Saylovchilarning xabardorligini va saylov komissiyasi vakillarining savodxonligini oshirish, nogiron shaxslarga kerakli sharoitlarni yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilganligi eʼtirof etildi. Jazoni oʻtash muassasalarida ozodlikdan mahrum qilingan, oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxslarga ovoz berish huquqining taqdim etilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Koʻp marotaba ovoz berishni bartaraf etuvchi va teng ovoz berish huquqini kafolatlovchi saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tatbiq etilganligiga “ulkan yutuq” sifatida baho berildi. Saylov kampaniyasi hukumatning soʻz va fikr erkinligiga nisbatan oshib borayotgan hurmat sharoitida oʻtganligi taʼkidlandi. YEXHT ekspertlarining fikriga koʻra bu “OAVga saylov jarayonlarini keng yoritish imkonini berdi”. Bundan tashqari amalga oshirilgan islohotlar fuqarolar va siyosiy partiyalar uchun siyosiy takliflar va hukumatga nisbatan tanqid bilan chiqish imkonini berganligi YEXHT tomonidan yuqori baholandi.

Hisobotda eng muhim yangilik sifatida jonli efirda debatlarning tez-tez oʻtkazilganligi taʼkidlangan. Mustaqil sharhning muhim manbai sifatida koʻriladigan blogerlarning taʼsiri ortib borayotganligi koʻrsatib oʻtilgan. YEXHT kuzatuvchilari milliy ozchilikning huquqlari buzilishi holatlari kuzatilmaganligi taʼkidlagan.

Birinchi marta “Saylov kodeksi saylov qonunchiligining buzilishiga javoban huquqiy vositalarni va partiyalarning saylov oldi tashviqoti doirasida moliyaviy resurslar sarflanganligi toʻgʻrisidagi xisobotlarni bir oy ichida oʻz veb-saytlarida va OAVda eʼlon qilish majburiyatini taʼminlaydigan oqilona qonunchilik bazasini yaratganligi” eʼtirof etilgan.

Alohida kayd etilishicha, saylovda 820 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar va 135 nafar chet ellik jurnalist ishtirok etgan va ular uchun saylov jarayonining barcha jabhalariga teng va toʻsiqsiz kirish imkoniyati yaratilgan. YEXHT hujjatida davlat va jamoat boshqaruv tizimidagi, saylov amaliyotidagi bir qator ijobiy oʻzgarishlar ham qayd etilgan.

Shu bilan birga, YEXHT Missiyasining hisobotida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan qator tavsiyalar mavjud.

Tuhmat qilish, “fuqarolarning qadr-qimmatini kamsitish” va “yolgʻon maʼlumot” tarqatish uchun jinoiy jazolarni bekor qilish taklif etiladi. Bu Missiyaning fikricha, jurnalistlar faoliyatini va fikr erkinligi huquqini sezilarli darajada cheklaydi. Shu munosabat bilan, YEXHT/DIIHB Prezidentning 2019-yil 13-15-dekabr kunlari tuhmat va haqoratlar endi qamoq jazosi bilan jazolanmasligi uchun qonunlarga oʻzgartirishlar kiritishni topshiriq berganligini olqishlaydi.

Bundan tashqari, YEXHT/DIIHB Missiyasi taʼkidlashicha, deputatlikka nomzodlarga saylov kunidan kamida besh yil davomida mamlakatda boʻlish talablarini belgilash eng yaxshi saylov amaliyotiga mos kelmaydi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqini berish, shuningdek fuqarolarga mustaqil nomzod sifatida ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif etiladi.

YEXHT Missiyasining fikriga koʻra, xozirgi vaqtda ayollar mamlakat jamoat va siyosiy hayotida yetarli darajada faol qatnashmayapti. Gender tenglik kampaniyaning eng cheklangan mavzusi edi va ushbu mavzu ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinmadi, aksincha asosan erkak-nomzodlar mavzusi muhokama qilindi. Shu bilan birga, DIIHB Missiyasi Markaziy saylov komissiyasida ayollar soni 3 tadan 7 tagacha, saylov organlarida esa 49%ga oshganini taʼkidlab oʻtdi. Nomzod sifatida koʻrsatilgan ayollar soni 41%dan oshganligi ham alohida taʼkidlab oʻtildi.

DIIHB Missiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yil 22-iyundagi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisidagi nutqida ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va rolini yanada kuchaytirish muhimligi toʻgʻrisidagi fikrini keltirib oʻtdi.

Qolaversa, Missiya, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida guruh-guruh boʻlib ovoz berish holatlari, saylovchilarni roʻyhatga olish va ovozlarni sanab chiqish jarayonida kuzatilgan xuquqbuzarliklar va yakuniy protokollarni toʻldirishda qiyinchiliklar kuzatilganini qayd etdi. Taʼkidlash joizki, saylov kuni, Markaziy saqlov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda saylov qonunchiligi buzilish holatlari uchraganini tan oldi va ushbu holat yuzasidan xozirgi vahtda tegishli tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.

Xulosada Missiya Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga saylov jarayoni kuzatish uchun taklif etilgani uchun tashakkurnoma bildirgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan saylovlarda birinchi marotaba YEXHT tashkilotiga aʼzo boʻlgan 37 davlatdan 316 kengaytirilgan kuzatuvchilar delegatsiyasi, shu jumladan, YEXXT/ DIIHB byurosidan – 271 va YEXHT Parlament Assambleyasidan 45 nafar kuzatuvchi qatnashdi. Shuningdek, oldingi hisobotlardan farqli oʻlaroq, ushbu hisobotda YEXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasining kuzatuv natijalari ham hisobga olingan.

Maʼlumot uchun, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YEXHT DIIHB) Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasiga Kayetana de Zulueta Outram, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi Missiyasiga PA raisi Georgiy Sereteli rahbarlik qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?