YEI Adliya vazirligiga 10 mln. yevro miqdorida begʻaraz grant ajratdi

12:24 22 Noyabr 2018 Jamiyat
433 0

Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 10 mln. yevro miqdorida begʻaraz grant ajratdi.

Bu haqdagi bitim adliya vazirining birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev hamda Markaziy Osiyo va YEI hamkorligini rivojlantirish departamenti direktori Pyer Amilxat tomonidan 21 noyabr kuni Bryussel shahrida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston—Yevropa Ittifoqi“ Hamkorlik kengashining 14-yigʻilishidagi ishtiroki davomida imzolandi.

Mazkur bitim Adliya vazirligining yevropalik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli muzokaralari natijasi boʻldi.

5 yilga moʻljallangan grant bitimi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan qator tadbirlarni moliyalashtirishni koʻzda tutadi.

Xususan, loyihada Adliya vazirligi xuzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boʻlinmalari va Davlat xizmatlari agentligini texnik jihatdan jihozlash, jumladan, server, kompyuter, tarmoq, telekommunikatsiya uskunalari, elektron navbat tizimi va videokuzatuv moslamalarini xarid qilish ham koʻzda tutilgan.

5 ta tajriba hududida (Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari)da davlat xizmatlari sifati va tezkorligini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ularda Innovatsiya gʻoyalari va ishlanmalari markazlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, grant doirasida ixtisoslashgan davlat xizmatlari veb-portali, mutasaddi organlar va davlat xizmatlari markazlari oʻrtasida axborot almashish, mobil ilovalar orqali onlayn tarzda davlat xizmatlari koʻrsatish uchun integratsiyalashgan maʼlumotlar bazasi tashkil qilish koʻzda tutilmoqda.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish doirasida mazkur bitim blokcheyn-texnologiyalari, Davlat xizmatlari markazlari xodimlari faoliyati samaradorligini rejalashtirish va baholashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi, shu jumladan, xorijiy taʼlim muassasalarida.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?