Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

15:12 27 Avgust 2020 Siyosat
255 0

Bugun Xalq deputatlari Chiroqchi tuman Kengashining oʻn birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Xayitov, qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy kengash deputatlari va mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi. Bu haqda OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiya avvalida tumanda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq umumiy vaziyat, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish ahvoli, epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash borasida ishlarni kuchaytirish bilan bogʻliq vazifalar haqida soʻz yuritildi.

Sessiyada tumanda aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash (“temir daftar”), tadbirkorlikni rivojlantirish, byudjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.

Sessiyada ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Xaitov mamlakatimizda ehtiyojmandlarga ijtimoiy yordam koʻrsatishning keng qamrovli mexanizmi izchillik bilan yoʻlga qoʻyilayotganligi, lekin xohlaymizmi yoʻqmi hozircha ushbu mexanizm yetarlicha moslashuvchan va maksimal darajada shaffof boʻla olmayotganini taʼkidlab oʻtdi. Xususan, ayrim obyektiv va subyektiv omillar butun tizim samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qolaversa, “Temir daftar”ga kiritish uchun oilalarni adolatli tanlash masalasi ham ochiq qolmoqda. Demak, ijtimoiy yordamning butun taqsimotida oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash oʻz-oʻzidan kun tartibiga chiqmoqda.

Shu bois yaqin istiqbolda “Yagona ijtimoiy reyestr” dasturining toʻliq ishga tushirilishi bu borada vujudga kelayotgan turli tushunmovchiliklarni bartaraf etadi. Chunki ushbu tizim inson omilini sezilarli darajada kamaytiradi. Ijtimoiy yordamni taqsimlashdagi korrupsiya holatlarini imkon qadar bartaraf etadi, - dedi Spiker oʻrinbosari.

Sessiya davomida umumtaʼlim maktablarining yangi oʻquv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, pandemiya sharoitida taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish, hududlarda ichimlik suvini yaxshilash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, mahalla raislari, tadbirkorlar ham kun tartibidagi masalalar yuzasidan oʻzlarining fikr va takliflarini bildirishdi.

Koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?