“Ehtiyot boʻling firibgar” yoxud “gid” boʻlishni xohlaysizmi...

12:18 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
67 0

Toshkent shahri M.Ulugʻbek tumanida yashovchi 30 yoshli F.N. oʻzini sayyohlik firmasi rahbari sifatida tanishtirib, chet tillarini yaxshi oʻzlashtirgan bir guruh fuqarolarni aldab, ularni turistik shaharlarga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlarga tarjimonlik qilish bilan shugʻullanadigan ishga joylashtirib qoʻyishini, buning uchun kunlik 100-150 AQSH dollari miqdorida maosh olishlari toʻgʻrisida yolgʻon vaʼdalar berib, ulardan turli miqdordagi pullarni qoʻlga kiritib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Bu haqda Buxoro viloyati IIB xabar berdi.

Jumladan, Samarqand shahrida yashovchilar, 1984-yilda tugʻilgan N.G, 1984-yilda tugʻilgan D.R va 1985-yilda tugʻilgan M.Gʻ.larni (uchalasi ham ayol) aldab, ularni Buxoro shahriga chaqirib, 2019-yil 10-11-avgust kunlari Buxoro shahridagi “Nurefshan” mehmonxonasida N.G.dadan 1.200.000 soʻm, D.R.dan 600.000 soʻm va 50 AQSH dollari hamda M.Gʻ.dan 1.300.000 soʻm pullarni olgan. 

Shuningdek, Buxoro shahridagi “Nurefshan” mehmonxonasi rahbari A.Sh.ga oʻzini sayyohlik firmasi rahbari sifatida tanishtirib, 2019-yil 7-11-avgust kunlari mazkur mehmonxona xizmatlaridan sayyohlik firmasi rahbari sifatida imtiyozli ravishda foydalanib, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlanishi lozim boʻlgan 1.680.000 soʻmdan 1.320.000 soʻmini toʻlamagan.

Bundan tashqari, Buxoro shahrida yashovchi 34 yoshli ayol X.F.ni aldab, uni Xorazm viloyati Urganch shahriga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlarga tarjimonlik qilish bilan shugʻullanadigan ishga joylashtirib qoʻyishini, buning uchun kunlik 100 AQSH dollari miqdorida maosh olishi toʻgʻrisida yolgʻon vaʼdalar berib, uni Urganch shahriga chaqirib, 2019-yil 16-avgust kuni Urganch shahridagi avtoturargohda 400.000 soʻm pullarni aldov yoʻli bilan olib, ushbu pullarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab, firibgarlik jinoyatini sodir qilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan F.N.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?