Egasiga yetib bormagan avtomashina

18:08 03 Aprel 2019 Jamiyat
576 0

Illyustrativ foto

Bagʻdod tumani, Nurli yoʻl koʻchasi, 28-uyda yashovchi M.Xoshimovning oʻz arizasida kuyunchaklik bilan yozgan shikoyati oʻrganilganda u haq boʻlib chiqdi.

Arizada bayon qilinishicha, “Umid savdo fayz invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati Fargʻona hududiy filiali va M. Xoshimov oʻrtasida tuzilgan 2018-yil 30 aprel kungi № Gʻ-26-sonli avans toʻlovi toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan, Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi buyurtma qilingan. M.Xoshimovga jamiyat hisob raqamiga 36 025 000 soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirish qayd etilgan. Jamiyatga esa avtomashinani belgilangan muddat davomida isteʼmolchiga yetkazib berish majburiyati yuklatilgan.

Isteʼmolchi boshlangʻich toʻlovni amalga oshirgan boʻlsada, shartnomada koʻrsatilgan muddatda Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi M.Xoshimovga yetkazib berilmagan. Oxir-oqibat avtomashina yetkazib berilmaganligi uchun shartnomani bekor qilib, toʻlov qilingan summa qaytarilishini soʻrab MCHJga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq shartnomada koʻrsatilgan toʻlovning qaytarilish muddati oʻtsa ham toʻlangan mablagʻ qaytarilmadi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Fargʻona shahar jamiyati tomonidan oʻrganish davomida “Umid savdo fayz invest” MCHJ Fargʻona hududiy filiali rahbariyatiga tegishli tushuntirishlar berildi. M.Xoshimovning eʼtirozlari inobatga olinib, Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi uchun toʻlangan summa toʻliq qaytarib berildi.

- Ikki yil avval fuqarolarimiz aksariyat hollarda faqatgina kommunal sohasidagi muammolar boʻyicha murojaat qilishar edi,- deydi Fargʻona shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Nodirjon Toshkanov. – Bugungi kunga kelib savdo sotiq,sogʻliqni saqlash,transport, aloqa xizmatlari sifati boʻyicha ham sezilarli darajada aholi murojaatlari kelib tushyapti. Oʻtgan yili viloyat boʻyicha 1049 dona ariza va murojaatlar koʻrib chiqilib,616,8 million soʻm mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob kitob qilingan.Yuqoridagi murojaat ham tajribamizda juda kam kuzatiladigan holat edi. Odamlar yillar davomida avtomashina olishga navbatda turib, hatto shartnomani ham oʻqimasdan, tushunmasdan kech boʻlsada olganiga ham rozi edi.Endilikda shartnoma shartlarini buzgan har qanday avtosalonlar, shirkatlar, transport xizmatini koʻrsatuvchi korxonalar rahbariyati ham murojaatlar“eʼtibori”dan chetda qolmayapti. Bu esa fuqarolarimizning huquqiy ongi va isteʼmol madaniyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?