Eduards STIPRAYS: “Oʻzbekiston bilan Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarda sifat jihatdan yangi bosqich boshlandi”

15:33 30 Avgust 2018 Siyosat
233 0

Eduards STIPRAYS, Yevropa ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari:

— Yevropa ittifoqi Oʻzbekistonni 2017 — 2021 yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida aks etgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bir necha bor bildirgan. U birgalikdagi dasturlar va loyihalarni roʻyobga chiqarishda ustuvor yoʻnalishlarni belgilashda mustahkam asosdir. Oʻzbekistondagi islohotlar Yevropa ittifoqi bilan ham, mintaqadagi qoʻshnilar bilan ham hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Biz Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlari faol rivojlanayotganiga, xususan, chegaralarni muvofiqlashtirish hamda iqtisodiy va siyosiy aloqalarning yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish borasidagi intilishlariga guvoh boʻlyapmiz. Yangitdan vujudga kelayotgan “iqlim” mintaqaviy taraqqiyot loyihalarida ijobiy aks etishi, shubhasiz.

Shunga eʼtibor qaratishni istardimki, Oʻzbekiston bilan Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarda sifat jihatdan yangi bosqich boshlandi. Ittifoqning Oliy vakili Federika Mogerini Oʻzbekistonga ikki bor tashrif buyurdi. Bu mamlakatga nisbatan kuchli qiziqish va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun jiddiy intilishdan dalolatdir.

Hamkorlikning muhim yoʻnalishlari orasidan eks­tremizm singari salbiy hodisalarning oldini olish vositasi boʻlmish sifatli taʼlim tizimini shakllantirish, qonun ustuvorligi, qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish hamda tabiiy resurs­lar, shu jumladan, suvdan oqilona foydalanish, ­shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash yoʻlidagi intilishlarni qoʻllab-quvvatlashni alohida ajratib koʻrsatish mumkin.

Eng muhimi, qonun ustuvorligini taʼminlash Harakatlar strategiyasida davlatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotiga erishishning sharti deb belgilangan.

27 yil — inson uchun ham, mamlakat uchun ham nav­qiron yosh. Bu maqsadlarga erishishda tuganmas kuch-gʻayrat va jurʼat yoshidir. Oʻzbekiston bu yillar davomida mustaqillikni mustahkamlash, zamonaviy davlatchilikni shakllantirish borasida koʻp narsalarga erishdi. Ayni paytda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning yangi bosqichiga chiqish, fuqarolik pozitsiyasi va tashabbuslariga ega boʻlgan ilgʻor jamiyat qurish yoʻlida izchil saʼy-harakatlarni olib boryapti. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston fuqarolariga islohotlarni hayotga tatbiq qilishda muvaffaqiyatlar va qatʼiyat tilayman. Ushbu jarayonda qars ikki qoʻldan chiqishini unutmaslik kerak. Bu degani koʻzlangan marralarga yetish uchun davlat bilan birga har bir fuqaro qoʻlidan kelgan barcha ezgu ishlarni qilmogʻi lozim. Bu yoʻlda sizning ajoyib mamlakatingiz va xalqingizga chin dildan muvaffaqiyat tilayman!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?