E.Turdimov​: Yakshanba kuni shahar va tuman hokimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqadi​

14:10 20 Iyul 2018 Jamiyat
2725 0
Foto: surxondaryo.uz

Samarqand shahar markaziy shifoxonasida bir soatda 97 million so‘m kamomad aniqlandi. Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ellik to‘rtinchi sessiyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov ma’lum qildi.

Viloyat rahbari sessiyada viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshliqlarining yilning birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan bergan axborotlaridan so‘ng, o‘zi keyingi kunlarda viloyat tuman va shaharlarida turli sohalar faoliyati bilan tanishib, kuzatgan holatlarini bayon etdi.

Tadbirkorlar bilan ishlash, hududlarni obod etish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlarning talab darajasida emasligini misollar orqali bildirdi.

Jumladan, Samarqand shahar va tuman tibbiyot muassasalaridagi holat, viloyat markazida atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni tashish xizmatlari, Narpay tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatiga tanqidiy baho berdi.

O‘z navbatida, viloyat Kengashi deputatlaridan huquq-tartibot va ijro organlarining axborot hamda hisobotlarini eshitishda faol bo‘lishlari, masalalarni atroflicha muhokama etishlarini so‘radi.

“Deputat xalqning dardini ijro hokimiyati oldiga olib chiqa olishi kerak. Bu uning faoliyati asosi, obro‘si. Va bu faoliyati haqida ommaviy axborot vositalarida “Deputat minbari” orqali xalqimizga ma’lumot berishi lozim. Shu orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz. Odamlarni faollikka chorlaymiz. Endi har bir tarmoq rahbari aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish barobarida televideniye orqali o‘z faoliyati haqida hisobot berishi, odamlarning savollariga javob berish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Har hafta payshanba kuni boshqarma va idoralarning birinchi rahbari aholi bilan telemuloqot qiladi. Yakshanba kuni shahar va tuman hokimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqadi. Barcha tuman va shahar hokimlari chiqish qilib bo‘lgach, o‘zim ochiq muloqot qilaman”, – dedi E.Turdimov.

Shuningdek, viloyat hokimi har hafta juma kuni tegishli sohalar rahbarlari bilan birga tadbirkorlarni qabul qilishi, hokim qabulxonasi tunu kuni ishlashi va to‘rtta ishonch telefoni orqali aholi murojaatlari qabul qilinishini aytdi. Bundan tashqari, har bir rahbar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z faoliyati haqida xalqqa ma’lumot berib borishi va ularning murojaatlarini qabul qilishi lozimligini ta’kidladi. Shaxsan viloyat hokimi telegramda o‘z messenjerini ishga tushganini ma’lum qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?