E-SUD axborot tizimining afzalligi nimada?

18:17 11 Iyun 2018 Jamiyat
1131 0
Foto: Sputnik

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Romitan tumanlararo sudida E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar, ushbu mexanizm faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Istam Ibrohimov xabar berdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning ma’muri o‘rinbosari X. Pyedra, agentlikning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy missiyasi direktori K. Edvardslardan iborat delegatsiya a’zolarining mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda xalqaro ekspertlar, sudyalar, advokatlik byurosi vakillari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, USAID hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida joriy etilgan E-SUD axborot tizimi soha faoliyatida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilayotir. Mazkur tizim o‘tgan yildan e’tiboran fuqarolik ishlari bo‘yicha barcha tumanlararo, shahar hamda tuman sudida tatbiq etilib, bungacha soha mutaxassislari uchun elektron sudlov tizimidan foydalanish bo‘yicha maxsus o‘quv treninglar tashkil etilgan.

“Joriy yilning o‘tgan davrida sudimizga elektron ko‘rinishdagi 1490 ga yaqin ariza va davo arizalari kelib tushdi. Yangi tizimning amalda qo‘llanilishi natijasida sudga murojaat qilish uchun ketadigan vaqt qisqardi, ortiqcha qog‘ozbozliklarga chek qo‘yildi. Endilikda uzoq masofani bosib o‘tish, turnaqator navbatda turishga hojat yo‘q. Qolaversa, sud ishining holatini, ya’ni qaror chiqarilgani yoki ishning ko‘rib chiqilayotganini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyati mavjud”, — deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudi raisi Jamol Choriyev.

Tadbir doirasida qo‘shma loyiha asosida aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida chop etilgan adabiyotlar taqdimoti ham o‘tkazildi. Yakunda sohaga istiqbolli ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?