Xalq qabulxonalari instituti: Bajarilgan ishlardan hali qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘p

16:55 11 Iyul 2018 Siyosat
350 0

Mamlakatimiz, xalqimiz hayotida har kuni yangidan-yangi o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y bermoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan, yurtimizni har tomonlama rivojlantirish, xalq bilan ochiq-oshkora muloqot qilishning yangicha tizimi – Xalq qabulxonalari instituti o‘tgan vaqt mobaynida bajarilgan ishlardan ko‘ra hali etilishi lozim bo‘lgan vazifalar yanada ko‘proq ekanligini namoyon etdi. Zotan, haqiqat bahslarda, oshkora muloqotlarda bo‘y ko‘rsatadi. Prezidentning joylarda Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonasi tashkil etilganidan keyin xalqning real hayotidan xabardor bo‘lish, odamlarning ko‘p yillik muammolarini, talab va ehtiyojlarini yaqindan o‘rganish, ularni hatto joyida hal etish, zarur chora-tadbirlarni belgilab, ijtimoiy adolatni ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan mamlakatimizning barcha shahar hamda tumanlarida, chekka-chekka qishloqlarda, mahallalarda ommaviy qabullar, xalq bilan yuzma-yuz suhbatlar tashkil etildi. Qisqacha qilib aytganda, xalq ichiga kirib borildi. Odamlarning yuraklarida yig‘ilib qolgan dardlari, allaqachon hal qilinishi mumkin bo‘lgan-u, lekin to‘rachilik, o‘zibo‘larchilik, sansolarlik oqibatida yillar davomida yechilmay kelgan muammolar yuzaga chiqa boshladi. Eng muhimi, odamlar dardlarini aytishi, kattayu kichik idoralar rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashishi, muammolariga qisqa fursatda yechim topishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi. Nafaqat muammolar, ularning talab va takliflariga ham quloq tutildi, bu takliflar yig‘ilib, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimizning “Rahbarlar xalqning xizmatkori bo‘lishi zarur”, “Asosiy maqsadimiz – xalq roziligi, xalq bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi”, degan qat’iy talablari amalda o‘z ifodasini ko‘rsatdi. Bugungi kunda ana shu izlanishlar samarasi sifatida ko‘plab yangiliklar hayotga tatbiq etilmoqda.

Fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, Prezidentning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, qator muammolar bilan birga, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida ham ko‘plab yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi aniqlandi. Holbuki, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2003 yildan boshlab tadbirkorlik subyektlarini “Yagona darcha” tamoyili asosida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shahar, tuman hokimliklari huzurida maxsus inspeksiyalar tashkil etilgan. 2016 yildan esa ular negizida Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari ish olib borgan. Ammo ushbu sa’y-harakatlar ham aholining bugungi talab va ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emasligi ayon bo‘ldi. Binobarin, odamlarning har bitta hujjat uchun turli-tuman idoralarga murojaat qilishi, soatlab navbat kutishlar, qog‘ozbozlik, turli ovoragarchiliklar barham topmadi. Shu boisdan mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi.

2017 yil 12 dekabrda Prezidentimizning “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi va ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Bu ham, albatta, aholiga barcha sohalarda qulay imkoniyatlar yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish yo‘lida tashlangan yana bir muhim qadamdir. Ilgari “Yagona darcha” tizimi faqatgina tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatib kelgan bo‘lsa, endilikda oddiy fuqarolarga ham davlat idoralari bilan bog‘liq ishlarda ushbu tizim orqali xizmat ko‘rsatish maqsad qilindi. Natijada aholiga eng zarur va talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish uchun mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari tarmog‘i vujudga keldi.

Mazkur tizimning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va amalda munosib samara bergan Xalq qabulxonalari negizida barpo etilgani ayniqsa ahamiyatlidir. Chunki shu jamiyatda yashayotgan har bir fuqaro hayoti davomida turli ehtiyojlar bilan davlat idoralariga duch kelishi tabiiy hol. Xalqning davlat idoralari bilan munosabatlarida yengillik yaratish, mushkulini oson qilish esa bugungi kunda davlatimizning asosiy e’tibor markaziga ko‘tarilgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi, zamonaviy konsepsiyasida fuqarolarning navbat kutib turishlarini keskin kamaytirish, hujjatlarni elektron tarzda yuritish hisobiga qog‘ozbozlikni qisqartirish, turli xil buyruqbozlik va sansolarliklarga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, davlat xizmatlari markazlarining ish prinsipi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyilga asoslangan.

Qisqa fursatda respublikamizdagi har bir tuman va shaharda Davlat xizmatlari markazlari tashkil qilindi. Joriy yil boshida ushbu markazlarda aholiga qariyb 30 turdagi xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 1 apreldan e’tiboran bunday xizmatlar soni 50 tadan ortdi. Iyun oyidan boshlab esa ular qatoriga yana 30 dan ortiq xizmat turlari qo‘shildi. Bu odamlarning qimmatli vaqtlarini tejash bilan birga, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish imkonini ham bermoqda. Misol uchun, yoshlar oila qurganda nikohni qayd etishi, farzand dunyoga kelganda unga guvohnoma olish, bolalarni bog‘chaga joylashtirish, mashinani boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasini olish yoki yangisiga almashtirish kabi kundalik hayotimizda ko‘p bora duch keladigan ishlar endilikda Davlat xizmatlari markazida hal etib beriladi. Buning uchun turli idoralarga qatnashga, uzoq vaqt kutishga endi hojat yo‘q.

Avvalo, shuni chuqur anglashimiz zarurki, bugun mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va islohotlarning zamirida “Nima qilsak odamlarimizning tashvishi kamayadi, ularga tejamli va qulay bo‘ladi?” degan jiddiy savol turadi. Ana shu yangilik va islohotlarning barchasi odamlarni ko‘pdan beri qiynab kelgan muammolarni bartaraf etish, ularni bugungi hayotdan mamnun etib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini amalda mustahkamlashga xizmat qilishi kerak. Shu ma’noda yurtimiz hayotida yangilik bo‘lgan mazkur tizim faoliyatini boshlashda ham puxta o‘ylab qadam tashlandi. Bu borada davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini muntazam ravishda o‘rganib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar Angliya, Germaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Ozarbayjon, Litva, Singapur, Qozog‘iston va boshqa davlatlar qonunchiligi o‘rganilib, Avstraliya va Kanadaning davlat xizmatlari elektron tizimi atroflicha tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra ma’lumotnomalar tayyorlanib, ularning ijobiy tajribasidan kerakli o‘rinlarda foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng Namangan shahar davlat xizmatlari markazi misolida “Namangan tajribasi” loyihasi amalga oshirildi. Bu yerda barcha ishlar namunaviy tarzda tashkil etilib, muammo va kamchiliklar o‘rganildi, shundan so‘ng shakllangan tajriba respublikaning hamma hududlariga tatbiq etildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Davlat xizmatlari markazlarining Prezidentning Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat olib borishi va bitta binoda joylashtirilishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Ya’ni, avvalo, Xalq qabulxonalari qisqa vaqt ichida millionlab odamlarning muammolariga yechim topib, odamlarning ishonchini qozondi. Mazkur tuzilma ham fuqarolarning Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlari asosida, ularning talab va istaklarini o‘rganish natijasida vujudga keldi. Shuningdek, Xalq qabulxonalariga kelayotgan odamlarning aksariyat murojaatlari davlat idoralari va turli hujjatlar bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Shunday ekan, demak, endilikda fuqarolarning ko‘pgina tashvishlari Davlat xizmatlari markazlarida hal etilishi imkoniyati mavjud.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ushbu sohada boshlangan ishlarga tanqidiy baho berildi va bu ko‘zda tutilgan reja hamda maqsadlarni jadallik bilan amalga oshirishga jiddiy turtki bo‘ldi. “Namangan tajribasi” loyihasidan ma’lum bo‘ldiki, Namangan shahar Davlat xizmatlari markazida yuridik va jismoniy shaxslarga yaratilgan sharoitlar vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va sansolarliklarning oldini olish imkonini berdi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlardan barcha fuqarolar mamnun ekanliklarini bildirishmoqda. Davlat xizmatlari markazi ixtiyoriga berilgan to‘rt qavatli bino shu paytgacha foydalanilmay kelinayotgan, qarovsiz bir ahvolda edi. Ushbu binoda 15 milliard so‘mlik rekonstruksiya va jihozlash ishlari olib borilgach, zamonaviy, ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

Markazda elektron navbat tizimi tashkil etilgan. Bir kunda 1000 nafarga yaqin tadbirkor va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish mumkin. Xalq qabulxonasi, FHDYO, notarius, pasport bo‘limlari, haydovchilik guvohnomasini almashtirish, tez tibbiy yordam, kadastr, sug‘urta, bank shaxobchalari shu yerning o‘zida joylashgan. Bolalar maydonchasi, kafe tashkil etilgani esa mijozlar uchun yanada qulaylik tug‘diradi. Markazda 20 ga yaqin malakali mutaxassis faoliyat olib boradi. Ular 600 mingdan ortiq aholiga zamonaviy texnologiyalar vositasida tezkor xizmat ko‘rsatishadi.

O‘tgan qisqa vaqt oralig‘ida ushbu davlat xizmatlari markazida qariyb 5 mingta ariza qabul qilingan va ularning aksariyati ijobiy hal etilgan. Birgina tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida 1300 ga yaqin ariza ijobiy yechim topgan. O‘rni kelganda aytish mumkinki, ilgari tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun juda ko‘plab hujjatlar talab etilib, ortiqcha qog‘ozbozlik qilinardi. Talab qilingan hujjatlarni tayyorlab kelish uchun turli idoralarga qatnab, uzundan-uzoq navbat kutib, oylab, hatto yillab sarson bo‘lish hollariga duch kelinganini tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar yaxshi bilishadi. Bunday qiyinchiliklarga hamma ham bardosh bera olmaydi. Natijada yaxshi niyat bilan boshlagan ishidan ko‘ngli sovib, qo‘l siltab ketganlar qancha.

Shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini olish, ipoteka shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, tibbiy faoliyat huquqini litsenziyalash, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, kommunal xizmat kabi masalalarda odamlar ko‘plab muammolarga, ortiqcha sarsongarchiliklarga duch kelar edi. Endilikda bunday masalalar Davlat xizmatlari markazida qisqa vaqtda hal etib beriladi. Masalan, haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirmoqchi bo‘lgan kishi markazga kelib, eski haydovchilik guvohnomasi va fuqarolik pasportini beradi va belgilangan miqdordagi to‘lovni istalgan shaklda to‘laydi. Mutaxassislar shu yerning o‘zida fuqaroni suratga olib, tegishli hujjatlarni hech qanday muammosiz rasmiylashtiradi. Qarabsizki, yarim soat ichida fuqaro yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini olib ketadi.

Bolalarni bog‘chaga joylashtirish masalasida ham ota-onalar shu paytgacha turli qiyinchiliklarga duch kelganligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Endilikda bu masala ham markazda hal qilinadigan bo‘ldi. Ariza ro‘yxatga kiritilib, yo‘llanma olish uchun elektron navbatga qo‘yiladi. Markazda ushbu xizmat joriy etilganidan buyon 250 dan ziyod ariza kelib tushgan va qisqa vaqtda 120 dan ortiq bola maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirilgan.

Bulardan tashqari, bu yil birinchi marta sinov tariqasida Toshkent davlat yuridik universitetiga abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish yurtimizning barcha shahar va tumanlaridagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Tasavvur qilib ko‘ring, ushbu universitetga birgina hujjat topshirish maqsadida abituriyent, uning ota-onasi Qoraqalpog‘istondan, Xorazmdan, Surxondaryo yoki Andijondan va boshqa viloyatlardan poytaxtga kelib-ketishi uchun qancha vaqt, qancha sarf-xarajat kerak bo‘ladi. Hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinayotgani esa kelajakka katta orzu-niyatlar bilan qadam qo‘yayotgan yoshlarga va ularning ota-onalariga yana bir qulay imkoniyat taqdim etganidan yurtdoshlarimiz mamnun.

Prezidentimiz joriy yil may oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu markaz faoliyati bilan ham tanishib, fuqarolar va xizmat ko‘rsatuvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan edi. “Biz bu xizmatni nima uchun tashkil qildik? Adolat buzilmasligi, korrupsiya bo‘lmasligi, odamlar qiynalmasligi uchun. Ushbu muassasa Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini tashkil etishning Namangan tajribasi, odamlar bilan muloqotning yangi namunasi bo‘ladi. Eng katta yutug‘imiz – bunday idoralarda endi fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, - deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

Darhaqiqat, “Namangan tajribasi” aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ko‘plab masalalarga oydinlik kiritdi. O‘tgan qariyb 15 yil davomida “Yagona darcha” tizimi faqat tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatgani bois yuridik shaxslar bu borada anchagina tushunchaga ega bo‘lsalar-da, biroq oddiy fuqarolar bu yangilik haqida hali yetarlicha tasavvurga ega emasligi ayon haqiqat. Shuning uchun davlat xizmatlari markazlari xodimlari bevosita mahallalarga, xonadonlarga borib, aholi uchun yaratilgan ushbu qulaylikni odamlarga tushuntirib, amalda ko‘rsatib berishdi va keng targ‘ibot ishlarini olib borishdi.

Davlat xizmatlari agentligi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari ishtirokida fuqarolar bilan 12 mingdan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda 400 mingga yaqin aholi qamrab olindi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yaratilgan milliy tizim va uning ahamiyati haqida barchani xabardor qilish maqsadida aholi gavjum bo‘lgan joylarda, avtomobillar serqatnov bo‘lgan yo‘llar yoqasida, yirik savdo majmualari, bozorlar va boshqa joylarda 3770 dan ortiq reklama bannerlari joylashtirildi. Respublika bo‘yicha o‘rnatilgan 50 ga yaqin monitorlarda davlat xizmatlari faoliyatiga oid lavhalar berib borilmoqda. Shuningdek, markazlar faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish uchun namunaviy stendlar va targ‘ibot lavhalari tayyorlanib, 7 mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolariga o‘rnatildi.

Markazlarning olib borayotgan faoliyati, fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari haqida markaziy va mahalliy tele va radiokanallarda, gazetalarda, internet tarmoqlarida doimiy ravishda chiqishlar qilinayotgani ham odamlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yaratilayotgan qulay imkoniyatlar xususida yurtdoshlarimizda munosib taassurot uyg‘otishiga xizmat qiladi, albatta. Aholi bilan aloqaning samarali tizimini tashkil etish maqsadida “Telegram” mobil ilovasida “Davlat xizmatlari” kanali ishga tushirildi. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida yangiliklar va tushuntirishlar, infografikalar va fotosuratlar muntazam berib borilmoqda. Shu bilan birga, joylarda tashkil etilayotgan huquqiy-targ‘ibot sayillari, uchrashuv va davra suhbatlari ham odamlarda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otmoqda. Hozirgacha bunday tadbirlarda 650 mingga yaqin aholi ishtirok etdi.

Aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar har jihatdan qulay, tezkor va sifatli bo‘lishi uchun sharoit ham zamonaviy bo‘lishi zarur, albatta. Shuning uchun ham Xalq qabulxonalari va davlat xizmatlari markazlarini barcha sharoitlarga ega binolarga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aynan shu maqsadda namunaviy loyihalar asosida Namangan, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari uchun zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Toshkent shahar Chilonzor tumanida markaz uchun zamonaviy bino qurish ishlari boshlandi, Shayxontohur va Sergeli tumanlarida markazlar uchun tegishli binolar tanlanib, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlash choralari ko‘rilmoqda. Yil oxiriga qadar barcha viloyat markazlari va Toshkent shahrida namunaviy loyihalar asosida markazlar uchun, birinchi navbatda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida zamonaviy binolar qurish borasida sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Aholiga faqat markaz binolarida xizmat ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasdan, sayyor tartibdagi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish ham bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tuman markaziga borib kelishga ko‘pincha qiynaladi. Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tez-tez qishloqlarga, mahallalarga chiqib, shu joyning o‘zida aholiga xizmat ko‘rsatishni tashkil qilsa, fuqarolarning yana bir mushkuli oson bo‘ladi. Shu boisdan olis hududlarda yashovchi aholiga qulaylik yaratish maqsadida respublikamizning barcha tuman, shahar Davlat xizmatlari markazlari viloyat hokimliklari ko‘magida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan “Damas” avtotransport vositalari bilan ta’minlandi va sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, umumiy qiymati qariyb 1 million dollar bo‘lgan 20 ta “Isuzu” avtobuslari grant mablag‘lari asosida xarid qilinishi ta’minlandi. Bu ham davlatimiz siyosatida ilgari surilayotgan “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasidir.

Ana shu xayrli tashabbuslarning uzviy davomi sifatida “Obod qishloq dasturi” doirasida Davlat xizmatlari markazlarining malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ular bevosita mahallalarga borib, 4200 ga yaqin xonadonga kirib, aholi bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazdilar. Fuqarolarning aniqlangan muammolari yuzasidan huquqiy maslahatlar berishdi. Sayyor tartibda 6700 ga yaqin davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirlari, 1700 dan ziyod notarial harakatlar, 600 dan ortiq FHDYO xizmatlari ko‘rsatilishi tashkil etildi va bunday tadbirlar davom ettirilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar odamlarda minnatdorlik hissini uyg‘otmoqda. Lekin mazkur islohotlar mohiyatini hamma ham birday tushunyapti deb bo‘lmaydi. Ayrim idoralarda hali ham sustkashlik, o‘zibo‘larchilik, yangiliklarga panja orasidan qarash hollari, afsuski, uchrab turibdi. Aksariyat tashkilotlarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari yaratilmagan, shu sababli ularni yagona tizim bilan integratsiya qilish imkoniyati qiyin kechmoqda. Idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish kabi sohalarda hal etilishini kechiktirib bo‘lmaydigan muammolar ko‘zga tashlanib turibdi. Shu sababdan ham davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun 2415 ta holatda mas’ul tashkilotlar va ularning xodimlariga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilgan. Xususan, 79 ta holat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 36 nafar mas’ul shaxs ma’muriy, 82 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 4 nafar shaxs lavozimidan ozod etilib, 203 ta taqdimnoma va 170 ta ogohnoma kiritilgan.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalqimiz uchun xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya bugun hayotimizning asosiy mazmuniga aylanib borayotgan ekan, buni har birimiz munosib anglagan holda shunga monand ishlashimiz, intilishimiz zarur. Yurtimizda qanday yangiliklar, qanday islohotlar joriy etilayotgan bo‘lsa, bularning barchasi odamlarning bugungi va ertangi hayoti farovon bo‘lishini ta’minlash, xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulug‘ maqsadga qaratilgan. Binobarin, xalq roziligi mamlakat taraqqiyotining poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Uyg‘un RO‘ZIYEV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?