Dushmanni qurolsiz yengib, hollandlar mehrini qozonganlar qismati yoxud Amersfortda dafn etilgan 101 askar haqida yangi maʼlumotlar

14:23 27 Fevral 2020 Jamiyat
476 0

Mamlakatimiz Prezidentining oʻtgan yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori taraqqiyparvar dunyo hamjamiyati qatorida Oʻzbekiston xalqi ham 1941 – 1945-yillardagi urushdakoʻrsatgan mardlik va qahramonlik barcha avlod uchun ulkan jasorat maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib,Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash, urush faxriylariga yuksak ehtirom koʻrsatish, uning shahidlari ruhini shod etish barchaga birdek qarz va farz ekanligi taʼkidlangan.

Mazkur qarorda xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlari, qahramon ajdodlarimizning nomlari, shonli anʼana va qadriyatlarini abadiylashtirish, yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas, qadri ulugʻ ekanini taʼkidlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadlarini oʻz ichiga olgan gʻoyani taʼsirchan innovatsion yechimlar asosida ifoda etish alohida taʼkidlanadi. Xususan, “Amersfort” konslagerida 1942-yil 9-aprelda fashistlar tomonidan otib tashlangan 101 nafar oʻzbek askarining fojiali taqdiri, konslagerdagi jahannam azobiga qaramasdan ularning insoniy or-nomusi va gʻururini saqlab qolganligi, shu yuksak maʼnaviy jasorati bilan Niderlandiya xalqida fashizmga qarshi nafrat hissini uygʻotganligi ulkan namuna maktabi sifatida tarixdan oʻrin olishga haqli ekanligi eʼtirof etiladi.

Zero, jisman asir olinsa-da, maʼnan mahv etilmagan, qaddi egilsa-da qalbi yengilmagan oʻzbek oʻgʻlonlari matonati qarshisida fashizm qiynoqlari ojiz qolgan edi. Shu jihatdan 101 nafar oʻzbek askarlarining nomiga aniqlik kiritish, adolatning benazir tantanasidir. Boisi mazkur qirgʻinbarotda nafaqat qoʻlda qurol tutgan askar, balki oʻz irodasi bilan tobe boʻlmagan asir ham gitlerchilar chirkin niyatiga barham bergan edi. Ularning har birining nomi tiklanmas ekan, osiyoliklar “untermenschen — chala inson”, nomsiz yoʻqotishga mahkum, degan natsizm gʻoyasi yashayveradi.

Yoshligi zavol topgan avlod

Qishlogʻimizda Haydarxoʻja Umarov degan kishi boʻlardi. Urushda nemislar tomonidan asir olinib, konslager azoblarini boshdan kechirgan. Urush tugagach, Qozogʻistonda reabilitatsiya uqubatlarini ham tortib, xoʻrliklardan qaddi bukchayib qolgan. Shu odam umrining oxirigacha qishloqning 5-6 chaqirim pastidagi loyqaga lalmi qovun-tarvuz ekib, hasharatlarni qarshi zaharli vositalarni traktoru, samolyotga yukladi. Boshqacharoq aytsak, u mehnatdan qochmas, mehnatdan jirkanmas, yolgʻiz, odamlardan uzoqroq yurishni maʼqul koʻrardi. Boisi, 1942-yilning 28-iyulida Mudofaa xalq komissarining 227- “Ni shagu nazad!” buyrugʻidan soʻng askarning qoʻmondonlik ruxsatisiz chekinish otib tashlash bilan jazolanib, qanday sharoitda boʻlmasin asir tushish xoinlikka tenglashtirilgan.Tabiiyki,asir tushgan(olingan) kishilar uzoq yillar jamiyatdan,keyinchalik ham jamoatdan chetroqda yurishni afzal bilganlar. Sobiq asirlarning ham urush ishtirokchisi ekanligi, umrining eng navqiron damlari shu urush tufayli zavol topganligi hech kimni qiziqtirmas,Gʻalabaning, hatto keyinchalik Xotira va qadrlash kunlarining shonli sanalarida ham ularni birov esga olgan emas.

- Mamlakatimiz Prezidentining mazkur qarorida ilk bor urushda oʻzbekistonlik askarlardan 150 ming nafari asir tushgani, 50 ming askar konslagerlarda vafot etgani, 133 mingga yaqin vatandoshimiz bedarak ketganligi qayd etiladi, — deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati boʻlimi rahbari Jamoliddin Hamroyev. -Ushbu vatandoshlarimiz ham razolat va adolat qurboni boʻlganligi, ayniqsa 101 nafar oʻzbek oʻgʻlonining matonati jaholatdan qurolsiz ustun kelganligi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Gʻalaba bogʻida oʻz aksini topishi va ularning nomlari ham mangulikka daxldor ekanligi bugungi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek oliy maqsadlarni oʻzida mujassam etgan.

Sakson yil oʻtib toʻkilgan koʻz yosh

Shu maqsadda Navoiy viloyati hokimligining moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyat hududiy boʻlinmasi, viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan “101 vatandosh izidan” ekspeditsiyasi Berlin, Shtukenbrok (Germaniya), Amsterdam, Amersfort (Niderlandiya) shaharlarida boʻlishib, ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga oʻz hissasini qoʻshgan oʻzbek oʻgʻlonlari shaxsini aniqlashga qaratilgan oʻrganishlarni olib borishdi.

Ekspeditsiya Niderlandiya safari chogʻida Amersfort shahridagi Lyozdin qabristonida dafn etilgan 101 nafar oʻzbek askari qabrini ziyorat qilib,ushbu qabristonda dafn etilgan nurotalik Saidqul Qahhorov xonadonidan olingan tuproq mangu orom olayotgan askar qabriga qoʻshildi.Shuningdek, Toshkent shahridagi Xotira xiyoboni uchun oʻzbeklar dafn etilgan ushbu qabristondan ramziy tuproq ham olindi. Bu esa Niderlandiya jamoatchiligi tomonidan “75 yil oʻtib askarining qarindoshlari kelganligi naqadar baxt, bu askar kim?”, “oq-qora toʻrtburchak qalpoq kiyganlar kim? Bular qaysi tilda gapiryapti?”-degan taajjub uygʻotib, bu savollarga Remko Reyding tomonidan “Oezbeeks” javobi qaytarildi. 

Remko Reyding niderland jurnalisti, tarixchi olim.U Rossiyada bir muddat yashab, Amersfort(Niderlandiya)ga qaytgach,doʻstidan shahardan nariroqdagi sovet jangchilari qabristoni haqida eshitib qoladi.

Reyding qabristonga borib,taajjubga tushadi,guvohlarni axtarib, arxivlardan materiallar toʻplay boshlaydi, — deydi ekspeditsiya rahbari Navoiy viloyat hokimining investitsiya va innovatsiya ishlari boʻyicha maslahatchisi Nazirjon Joʻrayev. -Natijada qabristonda 865 nafar sovet jangchisi dafn etilgani 101 nafar askardan boshqa jasadlar Germaniya yoki Niderlandiyaning turli hududlaridan keltirilganini 101 askar Amersfortning oʻzida otib tashlanganligini aniqlashga erishadi.

Ular urushning dastlabki haftalarida Smolensk ostonasida asirga olingan, aksariyati Samarqandlik yigitlar, natsistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Niderlandiyaga targʻibot va tashviqot vositasi sifatida foydalanish maqsadlarida keltirilgan. Yaʼninatsistik gʻoyalarga qarshilik qilayotgan niderlandlarga osiyocha koʻrinishga ega boʻlgan bu askarlar — “varvarlar va chala insonlar” ovqat uchun bir-birining goʻshtini yeyish tayyorligini koʻrsatish uchun uch kunda och, ochiq osmon ostida, tikanli sim bilan oʻralgan hududda saqlangan. Nemis tasvirga olish guruhi bu sahnani suratga olishga tayyorlangan. Nihoyat natsistlar ular oldiga non tashlaydi. Asirlardan biri nonni oladi va nemislarni taajjubda qoldirib, qoshiq bilan barchaga teng boʻladi. Boshqalari sabr bilan kutishadi. Hech kim urushmaydi, aksincha baham koʻrishadi. Aslida natsistlar kutgan sahna holland antifashistlari ruhini sindirishi lozim edi. Buning aksi ularning hafsalasini pir qiladi. “Non voqeasi” hikoyasidan soʻng, qalbimizdagi gʻurur va iftixor koʻzlarimizdan achchiq yosh boʻlib oqardi. Shunday ajdodlarimiz oldida maʼnaviy qarzdor ekanligimizni his etdik.

Ular sharafiga xotira marosimi

-Bizga Niderlandiyadagi musofir hamyurtimiz hamrohlik, shaxsiy avtomashinasida haydovchilik va begʻaraz tilmochlik qildi, — deydi ekspeditsiya loyihasi muallifi Jonibek Shuhratov. — Uning yordami bilanekspeditsiya tomonidan ushbu qabristonda dafn etilgan oʻzbek askarlari taqdiriga daxldor yangi maʼlumotlarni olish maqsadida arxiv hujjatlari oʻrgandik.

Arxiv hujjatlariga koʻra 1947-yil aprel oyida 101 nafar oʻzbek askari oʻlimi aybdorlari ustidan sud jarayoni boʻlib oʻtgan. Sudda 12 nafar fashist SS askarlari soʻroq qilingan. Ularning sudda bergan koʻrsatmalariga koʻra oʻzbek asirlari konslager komendanti Johan Stover va Heinrich tomonidan konslagerga 1941-yilning oktyabr oyi, shanbasida olib kelingan. To seshanba kunigacha ochiq maydonda saqlangan. Johan Stover tomonidan oʻzbek asirlari bilan muloqotda boʻlgan konslager xodimlari va asirlar kechki 20.00dan 22.00gacha tik oyoqda turgʻizib qoʻyilgan. Ularga tibbiy yordam koʻrsatish man etilgan. “Non voqeasi” sahnasi kutilgan natijani bermagach esa asirlar qiynoqlarda saqlanib,shuning oqibatida 24 oʻzbek askari vafot etgan. 77 nafarini esa qatl etishga qaror qilingan.

1942-yil 8-aprel kuni soat 21. 30ga qadar umumiy qabr qazilgan. 9-aprel kuni 9:30da konslager haydovchisi Karl Friedrich Tito va Janson tomonidan asirlar otish uchun oʻrmonga olib kelingan.77 nafar oʻzbek askari SS zobiti Heinrich, Berg, Deppner, May tomonidan toʻrt nafardan qoʻyilib, otib tashlangan. Asirlarning oʻlganligini SS zobiti Deppner va May tekshirib, Den Hagg (Gaaga) shahridan kelgan maxsus SS askarlar tomonidan koʻmilgan. Millati oʻzbek askarlarining bu matonati holland xalqni lol etadi, ularga nisbatan hurmat-ehtirom uygʻotadi. Natijada ushbu askarlarga alohida hurmat koʻrsatilib, 9-aprel kuni Xotira marosimi sifatida belgilanadi. Urushdan keyin shu qabristonning oʻzida maxsus shon-shuhrat xiyoboni tashkil etiladi va mamlakat boʻylab aniqlangan 865 nafar qizil askarlarning jasadlari olib kelinib, shu yerda qayta dafn etiladi. Hozir bu askarlar qatl etilgan oʻsha joyda maxsus yodgorlik — Monument Koedriest oʻrnatilgan.

Ekspeditsiya davom etadi

- Bu asirlarning shaxsini aniqlashtiruvchi maʼlumot juda kam. Natsistlar 1945-yilning mayida chekina turib, lager arxiviga oʻt qoʻyishgan, deya davom etadi J.Shuhratov. — Ikki erkak tasvirlangan faqat bitta fotosurat saqlanib qolgan, lekin ularning ham ismi yozilmagan. Shuningdek, holland asiri tomonidan qoʻlda chizilgan toʻqqizta suratdan ikkitasida ismi sharif ham yozilgan. Ismlar ohangidan oʻzbeklarga xos. Birida Kadiru Xatam, ikkinchisida esa Muratov Zayer deb yozilgan. Aslida birinchi ism — Qodirov Hotam, ikkinchisi — Murotov Zoir boʻlsa kerak.

Arxivda saqlanayotgan hujjatlar bilan tanishishimiz uchun bor-yoʻgʻi ikki soat vaqt ajratildi. Shunga qaramay olib borgan izlanishlarimiz 75 yil mobaynida jamoatchiligimizga umuman nomaʼlum boʻlgan koʻplab sirlarni oydinlashtirdi. Mazkur maʼlumotlarning aksariyatiga hali chogʻishtirish orqali oydinlik kiritishimiz lozim va shu vajdan ularni oshkor etishga biroz erta. Biroq ekspeditsiya ikkinchi jahon urushida faqatgina Niderlandiyada shahid ketgan 101 nafar ota-bobolarimiz emas, butun Yevropada mangu qolgan necha-necha qahramonlarimizni izlash, ularning haqiga osh tortib, duo qilish, qabrlarini obod tutayotgan hollandlarga xalqimiz minnatdorligini yetkazishdek maʼnaviy qarzimizni uzish imkonini berdi. Shuningdek,ilk marotaba Oʻzbekiston tuprogʻini olib, fashizmga qarshi kurashgan 101 nafar oʻzbek oʻgʻlonlari, Sobir Rahimov, matonat egasi Zulfiya Zokirovaning oʻgʻillari Muhammadjon va Yusufjon Xolmatovlar qabrini tavof qilish, hoki tuprogʻidan Toshkent shahrida barpo etilayotgan Gʻalaba bogʻi uchun olib keldik. Uchinchidan, Gʻalaba bogʻidagi vatan shaʼni uchun kurashayotgan oʻzbek askarlari manzarasi, muzey toʻridagi devorda “Har bir kishi uchun 125 gr” yozuvi ostida saqlanayotgan bir burda nonni koʻrgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bugungi kunni qadrlash va urush davri bilan hozirgi kunni taqqoslashdek taʼsirli bir tarbiya sabogʻi boʻldi. – deya suhbatga yakun yasaydi, Jonibek Shuhratov.

Taʼkidlash joiz, mazkur ekspeditsiya aprel oyida Navoiy viloyati hokimi rahbarligida hamda “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyat hududiy boʻlinmasi, viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida Niderlandiyaga ikkinchi bor tashrif buyuradi. Mazkur tashrifda gazetamiz xodimi ishtiroki ham rejalashtirilgan. Shuningdek, ekspeditsiya oʻz faoliyati yakuni bilan hujjatli film hamda kitob va turkum maqolalarni nashrga tayyorlashni moʻljallamoqda. Ekspeditsiya aʼzolari yaqindan koʻmagi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya, Germaniya, Polsha va Rossiya davlatlaridagi elchixonasi xodimlariga oʻz minnatdorligini bildiradi.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?