Dushanbe shahri raisi Rustami Emomali birgalikda futbolni rivojlantirishni taklif qildi. Unga 7-raqamli futbolka sovgʻa qilindi

14:17 04 Dekabr 2019 Jamiyat
443 0

Dushanbe shahri raisi Rustami Emomali tashrifning ikkinchi kuni poytaxtimizning Uchtepa tumanida joylashgan “Manzarali bogʻdorchilik va gulchilik” MCHJga qarashli boʻlgan Issiqxona majmuasi bilan tanishdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, 2018-yilda mazkur issiqxonani modernizatsiya qilish maqsadida Turkiya, Gollandiya va Italiya kabi ilgʻor davlatlarining ish tajribasi oʻrganildi. Issiqxonani zamonaviy talablar asosida qayta taʼmirlash va jihozlash uchun 4 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi.

Natijada joriy yilda issiqxonada 15 million dona gul koʻchatlari yetishtirildi 2020-yilda ushbu koʻrsatkichni 25 million dona gul koʻchatlariga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni kunda esa mazkur issiqxona majmuasida yetishtirilgan eng sara navli gullar Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilinmoqda. Jumladan, joriy yilda 500 mingdan ziyod gullar Tojikiston Respublikasiga yetkazib berilgan va bu oʻsimliklar bugungi kunda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrini bezab turibdi. Delegatsiya aʼzolari issiqxonani aylanishar ekan, amaldagi hamkorlik kelgusida ham davom etishiga umid bildirishdi.

Samimiy doʻstlik ramzi sifatida Dushanbe shahri raisi Rustami Emomaliga Oʻzbekistonda yetishtirilgan Yaponiyaning fikus banzay oʻsimligini hadya qilindi.

Shuningdek, mehmonlar shahrimizdagi Milliy stadionga ham borishdi. Chilonzor tumani Bunyodkor shoh koʻchasida joylashgan mazkur oʻyingoh 50dan ortiq sektorlarga ega va 34 ming tomoshabinga moʻljallangan. Delegatsiya aʼzolari stadiondagi sharoitlarni koʻzdan kechirish davomida futbolchilar va tomoshabinlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishishdi. Stadiondagi “Futbol tarixi“ muzeyidagi eksponatlar va oʻzbekistonlik referi Ravshan Irmatov bilan uchrashuvdan delegatsiya aʼzolari, ayniqsa, mamnun boʻldilar. Rustami Emomali muzeyni tomosha qilar ekan “Paxtakor” jamoasida toʻp surgan tojikistonlik faxriy futbolchi Nuriddin Amriyevning fotosuratlarini ham koʻzdan kechirdi. Oʻzaro muloqot davomida Rustami Emomali Osiyo davlatlari orasida futbolni yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo futbol jamoalari oʻrtasida musobaqalar tashkil etish fikrini bildirdi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Rustami Emomali 2019-yilning aprel oyidan buyon Markaziy Osiyo Futbol assotsiatsiyasining Prezidenti hisoblanadi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbat jarayonidan Dushanbe shahri raisiga 7- raqamli futbolka va Ravshan Ermatovning dastxati tushirilgan sariq va qizil kartochkalar sovgʻa qilindi.

Dushanbe shahri raisi Rustami Emomali boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Samarqandga uchib ketdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?