Shahrisabzda millionlab mablag‘ evaziga qurilgan suv inshooti qarovsiz ahvolda. Bunga kim javobgar?

13:06 27 Iyul 2018 Jamiyat
786 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Shahrisabzning Duqchi mahallasida Osiyo taraqqiyot bankining millionlab mablag‘ evaziga bunyod etilgan ichimlik suv inshootidan 8 yildan buyon foydalanilmayapti. Bunga kim javobgar?

Dunyo bo‘yicha aholini ichimlik suv bilan ta’minlash muammosi yildan-yilga o‘tkir tus olayotgan ayni paytda davlatimiz tomonidan bu sohada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ma’lumotlarga qaraganda, 2018 yilda tegishli dastur doirasida Qashqadaryo viloyati aholisining ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilashga 26,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, shundan 9,9 milliard so‘mi namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uylarni ichimlik suv tarmog‘iga ulashga sarf etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 16,9 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga 18 ta obyektda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borish belgilangan. Buning samarasida 107,2 ming kishi ichimlik suvidan muammosiz foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Biroq bundan 8 yil ilgari Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida viloyatda barpo etilgan ichimlik suv havzalaridan samarali foydalanish borasida bunday, deb bo‘lmaydi. Xususan, Shahrisabz tumanidagi Duqchi ichimlik suv havzasi ushbu mahalladagi 6 mingdan oshiq aholiga ichimlik suvi yetkazib berishga mo‘ljallangan edi. Lekin qurilganidan buyon qariyb foydalanilmagan bu inshoot negadir hech kimga kerak emasdek, tashlandiq holga kelib qoldi.

“Inshoot qurilishi boshlanganidan buyon shu yerda ishlayman. Suv havzasi foydalanishga topshirilgandan keyin 2010 yil boshida 2-3 oy ishlab, to‘xtab qolgan. O‘shanda 22 kilometr ichimlik suv liniyasi tortilgan edi. Quvurlar bosimga dosh berolmay yorilib ketdi. Shuning uchun liniyada bosim bo‘lmay suvni uzata olmadi. O‘ylaymanki, qurilish ishlari pala-partish va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirilmagan”, - deydi viloyat “Suvoqova” boshqarmasi Shahrisabz tuman filiali “Duqchi” ichimlik suv ishlab chiqarish va uzatish havzasi ishchisi Sa’dilla Almardonov.

Foto: “Xalq so‘zi”

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherali Baratovning ta’kidlashicha, suv quvurlaridan umidini uzgan aholi uylaridan quduq kavlab, “kachela” o‘rnatib olgan. Agar suv havzasi ishlaganida mahalla aholisi to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lar edi. Sababi, bu inshoot 9 ming aholiga suv berish quvvatiga ega.

Inshootning shuncha vaqtdan buyon ishlamay turganining boisini so‘raganimizda, filial rahbari Adham Yusupov bu inshoot hali filialga topshirilmaganligini ta’kidladi. Ammo viloyat “Suvoqova” boshqarmasi bosh hisobchisi Husniddin Saidakbarovning aytishicha, suv havzasi Shahrisabz tumani filiali asosiy vositalari ro‘yxatiga kiritilgan, ya’ni ularning balansida turibdi. Inshoot 2012 yilda viloyat “Suvoqova” boshqarmasi vakili Eshdavlat Aliqulov hamda topshiruvchi qurilish direksiyasining o‘sha paytdagi rahbari Komil Qo‘yboqarov imzosi bilan qabul qilib olingan.

Xo‘sh, xorij investitsiyasi evaziga barpo etilgan ushbu suv havzasining egasi kim aslida? 2010 yildan buyon qarovsiz holga tashlab qo‘yilgan inshootni 8 yildan keyin bo‘lsa ham kimdir qabul qilib, unga munosabatni o‘zgartisa odamlarning xonadoniga ichimlik suvidek bebaho ne’mat kirib borar edi. Mazkur masalaga mutasaddilarning e’tibori va munosabatini kutib qolamiz.
Ahad MUHAMMADIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?