Dunyoni kitob qutqaradi

18:47 15 Avgust 2020 Jamiyat
295 0

...Ancha yillar oldin Germaniyaning Frankfurt shahrida har yilgi xalqaro kitob yarmarkasiga bordik. Tadbir oʻtadigan binoning peshtoqiga “Dunyoni kitob qutqaradi”, deb yozib qoʻyilgandi. Bir qaraganda bir oz istehzoli bu eʼtirof baribir kishini oʻyga solishi, mulohazaga chorlashi tayin. Bu, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida anchayin jozibador, haqiqatga yaqin koʻrinadi.

Paygʻambarimiz (S.A.V) vabo kelganda “uyda qoling” degan ekanlar. Ibn Sino ham bu gapning haqligini sof tibbiy asnoda isbotlab bergan. Hamonki shunday ekan, bu xalq, ayniqsa, yosh-yalang nega uyda oʻtirmaydi-oʻtirolmaydi?! Oynai jahonga bir qarang, bizni hamisha sogʻintirguvchi mumtoz filmlar, konsertlargacha qoʻyilmoqda. Yana nima kerak? Tarixiy futbol oʻyinlari — jahon chempionatlari, afsonaviy boks janglari...

Nafsilamrini aytganda, ­tomoshalar qancha yaxshi boʻlmasin, odamni toliqtirishi ham bor gap. Balki shunday kezlarda, bir oz chang tortib qolgan moʻjazgina kitob javoningizni ochib, qancha oʻqilsa ham zeriktirmaydigan kitoblarni bir sidra qoʻlga olib, varaqlagingiz kelmaydimi?.. Bu uyda qolishning mazmunini boyitib, maʼnaviy boʻshliqni toʻldirib, hayotimizga ajib bir maʼno baxsh etgan boʻlardi-ku!

Axir kitobga qaytish vijdonga, haqiqatga, insofga, adolatga, maʼnaviyat va maʼrifatga, umuman olganda, hayotga qaytishdir!

Kitob mutolaasi boʻyicha islohotlarni har birimiz, avvalo, oiladan boshlashimiz, kitob loaqal mana shu baloi azim — koronavirusdan saqlaydi, degan umid bilan unga oshno boʻlish kerak emasmi?..

Kitob oʻqish insonni tarbiyalaydi, oʻylashga, mulohaza ­yuritishga chogʻlaydi, yaxshi-yomonni ajratishni bildirib boradi. Faqat oʻziga manfaatli asnoda harakat qilishdan asrab, kengroq, ijtimoiyroq, koʻpni oʻylab, yurt, mamlakat miqyosida, uning manfaatlari doirasida fikrlashni oʻrgatadi, tafakkurni kuchaytiradi.

Mutolaaning inson uchun manfaati cheksiz. Xususan, u shunday katta qudratga egaki, insonning ruhiyatini tozalaydi, uni tarbiyalaydi, adolatga chorlaydi, haqiqatni sezish tuygʻusini yuksaltiradi, eshik ortidagi hayotni koʻrishga undaydi. Kitob oʻz mavqeiga qarab qalbni tiriltiruvchi, shuurni uygʻotuvchi, haqiqatni bildiruvchi, insonni tarbiya qiluvchi, jamiyatni poklovchi bir omildir.

Eng asosiysi, kitob oʻqigan odamdan yomonlik chiqmaydi!

Prokuror birodarlarim ­sanksiyaga qoʻl qoʻyayotganda xonasida boʻlganman. Mahbuslarni olib chiqib ketishgach, hukmni olib, atay oʻqib chiqqanman. Maqsadim — birortasi kitob oʻqib boʻlib, jinoyatga qoʻl urganmi, yoʻqmi, shuni aniqlash edi.

— Yoʻq, bunaqasi yoʻq. Birorta ham holatda kitob oʻqib boʻlib, oʻrnidan turib, jinoyatga qoʻl urgan epizod yoʻq, — degandi oʻsha vaqtda Ohangaron shahri prokurori boʻlib ishlagan qadrdonim Muhiddin Musayev.

Loaqal shuning uchun ham kitob oʻqish kerak-ku, axir birodarlar!

...Olti-yetti yil avval Koreya Respublikasining Paju shahrida “Kitoblar shaharchasi” tashkil etildi. Bundan maqsad — insonlar qalbini kitobga, adabiyotga oshno etish...

...Nemislar yangi yil bayramida bir-biriga kitob sovgʻa qiladi. Bu millat dunyoda eng koʻp kitob oʻqiydigan deb eʼtirof etilishi bejiz emas.

Bu eʼtirof yaponlar, xitoylar, hindlarga nisbatan ham ­aytiladi. Agar xolis boʻlib, bu roʻyxatning biror mushtarak jihatini axtarib koʻrsangiz, ulardagi rivojlanish, taraqqiyot shundan ekaniga amin boʻlasiz. Demak, millatning taraqqiyoti ham koʻp jihatdan kitob orqali ekanligiga ishonch hosil qilasiz. Bugungi sinovli kunlarda serhimmat xalqimizning saxovat tugunlaridagi kartoshka-piyoz yoniga bir donadan kitob qoʻshilsa, qanday yaxshi boʻlardi!

Yaratganning goʻzal neʼmati shuki, kitob hadya etish buyuk ajdodlarimizdan, sharafli saltanatlarning ulugʻlaridan ­ke­layotgan qutlugʻ anʼanadir. ­Chunonchi, hazrat Navoiy aytadi:

Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,

Aning zabtigʻa bir devon yibordim.

Bu goʻzal baytdan maʼlum boʻladiki, kitob — yaxshilik va pok niyat, doʻstlik hamda tinchlik, samimiyat va hamkorlik elchisidir...

«Taraqqiyotning umumiy koʻlamida har bir xalqning oʻrni oʻsha xalq oʻqiyotgan kitob­larning umumiy soni bilan belgilanadi», degan fransuz adibi E. Labule.

“Men biror shahar haqida undagi kitob doʻkonlariga qarab xulosa chiqaraman”, degandi A. Rubnshteyn.

Frensis Bekon “Kitoblar vaqt toʻlqinlarida kezib, oʻzining qimmatbaho yukini avloddan-avlodga tashib oʻtayotgan tafakkur kemalaridir”, deganda ming marta haq edi.

Bundan ortiq, bundan oshirib, bir gap aytib boʻlmaydi.

Xulosa shuki, agar biz hozir, avvalo, oʻzimiz kitob oʻqimasak, bolalarimizni aynan shu kunlarda kitob oʻqishga oʻrgatol­masak, keyin oʻrgatolmaymiz.

...Men kitob oʻqimaydigan ­avlod shakllanishidan qoʻrqaman!

Ahror AHMEDOV,
Oʻzbekistonda
 xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?