Dunyoga mashhur “Race across the World” realiti-shou vakillari nima uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurdi?

23:29 27 Mart 2019 Jamiyat
484 0

Illyustrativ foto

Shu kunlarda Buyuk Britaniyaning “BBC Channel Two” telekanali orqali mashhur “Race across the World” realiti-shou efirga uzatilmoqda. Mazkur loyihada oddiy odamlardan iborat jamoalar ishtirok etishadi. Teleloyiha shartiga koʻra, ular Londondan Singapurga eng tez yetib borish boʻyicha bellashmoqda.

Buning uchun jamoalarga oʻta cheklangan miqdorda mablagʻ beriladi. Ular London — Singapur yoʻnalishi boʻyicha aviachipta narxiga yetadigan pul bilan samolyot, internet va telefon kabi aloqa vositalaridan foydalanmagan holda oʻz manzillariga yetib borishlari kerak.

Yaqinda yirik media loyihaning 3-qismi efir yuzini koʻrdi. Unda 4 jamoa Ozarbayjon poytaxti Bokudan Toshkent tomon yoʻlga chiqishgani haqida hikoya qilinadi.

...Mana, ishtirokchilar yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, Kaspiy dengizi, bojxona-nazorat postlari, Buyuk Ipak yoʻlining bepoyon choʻllari, baland togʻlari va qadimiy shaharlarini ortda qoldirgan holda diyorimizga yetib keldilar.

Mehmonlar yurtimizning Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoraqalpogʻiston kabi tarixiy va turistik salohiyatga ega hududlari bilan yaqindan tanishishdi. Orol dengiziga borib, Kemalar qabristoniga guvoh boʻlishdi.

Keyin jamoalardan biri Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyiga tashrif buyurdi. Ularga buyuk bobokalonimiz, atoqli astronom va matematik olim Mirzo Ulugʻbekning ilm-fan ravnaqiga qoʻshgan hissasi, xususan, u tomonidan XV asrda tuzilgan yulduzlar jadvali haqida batafsil maʼlumot berildi. Boshqa jamoalar esa xalqimizga xos qadimiy qadriyat, XIII asrdan buyon oʻynab kelinadigan koʻpkari-uloq musobaqasini tomosha qildilar, tuyalarga minib choʻl kezdilar. Qizilqum sahrosidagi oʻtovlarda tunab qolishdi. Mahalliy aholining kundalik hayoti bilan tanishishdi.

Va nihoyat, realiti-shou qatnashchilari betakror Toshkentga yetib kelishdi. Mustaqillik maydoniga borishdi. Toshkent metropolitenidan foydalanishdi. Amir Temur xiyoboni boʻylab sayr qilishdi. Yurtimizning ajoyib manzaralari ularda mamlakatimizga yana sayohat qilish istagini uygʻotgani shubhasiz.

Eʼtiborlisi, shouning bu qismidagi asosiy shart — Toshkentdagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasida birinchi boʻlib roʻyxatdan oʻtish edi. Bunga kech qolgan oxirgi jamoa oʻyinni tark etib, Angliyaga qaytib ketdi.

Koʻrsatuv tashkilotchilari bergan maʼlumotlarga koʻra, hozirgacha ishtirokchilar quruqlik va suv boʻylab 5000 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtishgan. London — Singapur yoʻnalishidagi keyingi marra esa Xitoyning sharqidagi Xuangayo shahri etib belgilangan.

“Race across the World” realiti-shou vakillarining yurtimizga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida tashkil etilgan mazkur sayohati ularda unutilmas taassurotlar qoldirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?