Dunyoga mashhur blogerlar Toshkentda jam boʻldi

14:42 23 Avgust 2019 Jamiyat
357 0

Toshkent shahrida “World Influencers Congress”(WIC) I Xalqaro influenserlar kongressiga start berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Unda dunyoning 100 ga yaqin eng sara fikrlar yetakchilari, influenserlari, blogerlari, nufuzli shaxslari, media-personalari va internetdagi boshqa taniqli kishilar ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbirga hukumat va diplomatik korpus vakillari ham tashrif buyurishdi. Kongressni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi. “Prezident Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan islohotlari va novatorlik gʻoyalari natijasida bugun Oʻzbekiston dunyoga yuz tutmoqda. Xususan, yurtimizda milliy iqtisodiyotning strategik sektori sifatida belgilangan - turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar buning yaqqol dalilidir”, - dedi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov.

U bugungi kunda Oʻzbekistonda mamlakat imiji hamda turistik bozor uchun muhim ahamiyat kasb etgan voqealarga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. WIC – bu dunyoning yetakchi blogerlari, raqamli fikrlar yetakchilari, ijtimoiy tarmoqlar uchun kontentlar yaratuvchilar va trendsetterlarga moʻljallangan platforma. Kongressga tashrif buyurgan har bir influenserning obunachilari 1-15 million kishini tashkil qiladi. Tadbirda dunyoning 40 ga yaqin davlatidan 100 dan ziyod influenserlar qatnashmoqda. World Influencers Congress tadbirida ishtirok etayotgan influenserlarning “Instagram”, “Facebook” ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek “Youtube” videoxostingidagi obunachilarining umumiy soni 150 millionni tashkil qiladi. Bu influenserlarning platformalariga joylashtiruvchi materiallarining koʻzdan kechirilishi 10 milliard martadan ortadi degani.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva mazkur kongressning oʻtkazilishi mamlakat brendi tanishilishiga xizmat qilishi hamda xalqaro raqamli maydonda Oʻzbekistonning turistik salohiyatini ochib beruvchi kontent sifatini sezilarli darajada oshirishiga eʼtibor qaratdi. “Bugungi kunda ijtimoiy media, ijtimoiy tarmoqlar marketing yoʻnalishidagi innovatsion oʻzgarishlarga yorqin misol boʻla oladi. Hozirga kelib global tarmoq va jahonning zamonaviy sayohat tendensiyalari barchani qamrab olgan. Mazkur kongress global tarmoq hamda ijtimoiy medianing Oʻzbekistonda kuchli kommunikatsiya shakliga aylanib borayotganini tasdiqlaydi”, - deydi u.

Xalqaro kongress doirasida yangi “B2I” (Business2Influencer) formatidagi uchrashuvlar oʻtkaziladi. Unda mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish hamda influenserlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilishga doir kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu oʻz mahsulotlari, brend va korporativ imijini zamonaviy usullar orqali targʻib qilishdan manfaatdor barcha kompaniyalar uchun ajoyib imkoniyatdir. Taʼkidlash joizki, bugunga kelib influenserlar ishtirokidagi kampaniyalar eng muvaffaqiyatli hisoblanadi. Tadbirning rasmiy qismi tugashi bilan influenserlar Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohatga borib, oʻz yoʻnalishida ajoyib kontentlar tayyorlashadi hamda oʻzlariining resurslariga, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashadi. Bu esa ularning millionlab folloverlarini Oʻzbekistonga sayohat qilishga, barchasini oʻz koʻzlari bilan koʻrishga, milliy taomlar mazasini tatib koʻrish hamda mehmondoʻst oʻzbek xalqi bilan muloqot qilishga qiziqtirishi shubhasiz. Forbes jurnali tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, 18-35 yoshdagi kishilar oʻzlarining sayohat yoʻnalishlarini “Instagram”, “Facebook” , shuningdek “Youtube” kabi platformalardagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida belgilar ekan. Shunday ekan, Xalqaro Influenserlar Kongressi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijini oshirish, mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirish va ularni “yoshartirish” yoʻlida xizmat qilishiga umid qilamiz. “World Influencers Congress” Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari tomonidan tashkil etilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?