Dunyodagi global iqtisodiy oʻzgarishlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsiri qanday va qanaqa muhim choralar koʻrish lozim?

18:07 11 Mart 2020 Iqtisodiyot
177 0

Ayni paytda Xitoy koronavirusi nafaqat insoniyat hayotiga, balki ayrim davlatlar va umuman dunyo iqtisodiyotiga ham jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Mazkur epidemiya Xitoy va boshqa davlatlar oʻrtasidagi savdo va sanoat zanjirining buzilishiga olib keldi. Investorlarning vahima sababli aksiyalarini sotib yuborishi oqibatida dunyo boʻylab yetakchi boʻlgan birjalarda yuzaga kelgan inqirozni ekspertlar oxirgi 10 yillikda kuzatilmagan, deb baholashmoqda.

Mazkur vaziyat oddiy “informatsion panika” emas, balki jahon iqtisodiyotiga jiddiy tahdid ekanini dunyodagi yetakchi moliyaviy institutlar, xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlar amalga oshirayotgan harakatlardan ham kuzatish mumkin.

Jumladan, AQSH Federal Rezerv Tizimi iqtisodiy faollikni barqaror holatda ushlab turish maqsadida, 3-mart kuni bazaviy foiz stavkasini 0,5 foiz punktga tushirdi. Mazkur qaror 2008-yilgi inqiroz davridan beri birinchi marta boʻlayotgani ahamiyatga molikdir. AQSH moliya vazirligi huzurida kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha maxsus gruppa tuzilgan.

Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) 2020-yildagi jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlari prognozini 0,5 %ga kamaytirdi. IHRT, savdo urushlari va siyosiy tanglik tufayli oʻzi shundoq ham “jar yoqasida”gi dunyo iqtisodiyotining hozirgi kundagi taʼminot zanjirining uzilishi, resurslarga boʻlgan talabning sustlashishi, turizmdagi pasayish tendensiyasi va kasallik sababli isteʼmolchilar ishonchining kamayishi bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.

IHRT hisobotiga koʻra, eng yomon ssenariy (Downside scenario) boʻyicha, yaʼni epidemiya koʻlamining dunyo boʻylab kengayishi, epidemiyaga qarshi qoʻllaniladigan choralar va vahima sababli, ishlab chiqarishga jiddiy zarar keltirishi va oqibatda iqtisodiy retsessiyani olib kelishi, provardda esa global iqtisodiy oʻsish 1,5% gacha pasayishi prognoz qilingan. Oʻz navbatida, bu holatning taʼsiri mamlakatlar uchun judayam kuchli va davomli boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.

Umuman olganda, global iqtisodiyotdagi mazkur salbiy tendensiyalar oqibatlari globallashgan iqtisodiyotning bir qismi sifatida Oʻzbekistonga ham oʻz taʼsirini koʻrsatishi tabiiy. Garchi, Oʻzbekiston rivojlangan davlatlar singari bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqlik darajasi yuqori boʻlmasa-da, ularda boʻlayotgan jiddiy oʻzgarishlar mamlakat iqtisodiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

Jumladan, Xitoy Oʻzbekistonning eng katta savdo hamkori hisoblanib, Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 2019-yilda 7,6 mlrd. dollarni (umumiy tashqi savdo aylanma hajmiga nisbatan — 18,1%), eksport- 2,5 mlrd., import – 5,1 mlrd.dollarni tashkil etgan.

Xitoydagi energoresurslarga boʻlgan talabning kamayishi, Oʻzbekistonning Xitoyga amalga oshirayotgan eksportini, shu jumladan tabiiy gaz eksporti hajmining kamayishiga olib keladi. Oʻzbekistonning eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari (yaʼni tabiiy gaz) 3-oʻrinda (14,1%) turishini, Xitoyga jami eksport hajmining 36,4%i energiya manbalari va neft mahsulotlari hisobiga toʻgʻri kelishini hisobga olib, xulosa qilish mumkinki, bu holat Oʻzbekistonga valyuta tushumining qisqarishiga olib keladi.

Shuningdek, Xitoydan kelayotgan xom ashyo va butlovchi qismlarning kamayishi, transport xarajatlarining oʻsishi, ishlab chiqarish taʼminotidagi uzilishlar Oʻzbekistonning sanoat sohasiga jiddiy zarar keltirishi ehtimoldan xoli emas. Sababi, Oʻzbekiston sanoati uchun zarur boʻlgan mashina va asbob-uskunalar importi umumiy import hajmida Xitoyning ulushi 30,9%ni tashkil etadi, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlarning importi hajmida ham Xitoyning ulushi eng katta koʻrsatkich (24,0%) hisoblanadi.

Shu va boshqa sabablar, Oʻzbekistonda mazkur vaziyat yuzasidan boʻlgan qisqa muddatli muhim choralarni koʻrish ehtiyojini tugʻdirmoqda. Buning uchun, birinchidan, fiskal va pul-kredit siyosatni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va mamlakatdagi tarkibiy islohotlarni kuchaytirish lozim. Mazkur choralar iqtisodiy oʻsishni barqarorligiga, isteʼmolchilar va investorlarning ishonchini oshirishga va noaniqlikni kamaytirishga yordam beradi.

Ikkinchidan esa, korxona va tashkilotlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlashga qaratilgan choralar, jumladan soliq stavkalarini maʼlum muddatga kamaytirish, “soliq taʼtillari”, “soliq kreditlari”ni taqdim qilish va uzoq muddatda qaytarish imkoniyatini yaratish, QQSni tezkor qaytarish mexanizmlarini joriy etish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Naqd pul oqimi bilan bogʻliq muammolarga duch kelayotgan korxonalarga, ayniqsa kichik va oʻrta korxonalarga yordam berishga banklar tomonidan imkon berilishi lozim. Zarar koʻrishi ehtimoli boʻlgan hududlar va tarmoqlar uchun energiya manbalari narxini pasaytirish choralari koʻrilishi lozim.

Shu bilan birga, 9-mart kuni dunyo neft bozorida yana bir jiddiy vaziyat yuzaga kelib, neftning narxi oʻzining 2014-yildan keyingi eng past darajani qayd etdi. Ushbu holat neftga boʻlgan global talabning tushib ketishi ortidan neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEC) va Rossiya neft qazib chiqarishni (taklifni) kamaytirish boʻyicha kelishuvga erisha olmagani oqibatida yuzaga keldi.

Mazkur vaziyat ortidan Rossiya yetakchi kompaniyalari, jumladan “Gazprom”, “Lukoyl”, “Rosneft”, “Sberbank”, “X5 Retail Group”, “Novatek”, “Severstal” va boshqalar aksiyalari narxlari London birjasida keskin tushib ketdi. Jahon neft narxlarining pasayishi fonida Rossiya rubli pasayishni boshladi — dollar 72 rublga, yevro esa 82 rublga koʻtarildi.

Rossiya rublining kuchsizlanishi – soʻmning almashuv kursini kuchaytirishi, bu esa, Rossiya bozorida Oʻzbekiston eksport mahsulotlarining qimmatroq boʻlishiga va mahalliy eksportyorlarning daromadlari kamayishiga, oʻz navbatida, bu ham Oʻzbekistondagi valyuta hajmini kamayishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya iqtisodiyotining sustlashishi oqibatida, Oʻzbekistonlik migrantlarning mamlakatimizga keltirayotgan 3,4 mlrd.dollarlik (YAIMga nisbatan 5,9 foiz) foydasining qisqarishiga olib kelishi ham mumkin.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida transfertlardan keladigan daromadlar 25,3%ni tashkil etishini hisobga olganda, mazkur vaziyat Oʻzbekistonda aholining yashash darajasiga ham maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Buning uchun, iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish va bandlikni qoʻllab quvvatlash choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Jumladan, kichik tadbirkorlikni moliyalashtirishni kengaytirish, berilayotgan kreditlar imtiyozli davrini uzaytirish lozim.

Barcha ruxsat beruvchi va byurokratik tartib-tamoyillarga maʼlum muddat moratoriy eʼlon qilish, tadbirkorlik faoliyatidagi vujudga kelayotgan toʻsiq va muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bandlikni taʼminlash boʻyicha keskin choralar koʻrish, qisqa muddatli ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish lozim.

Mazkur koʻriladigan choralar, tashqi global iqtisodiy oqibatlarni Oʻzbekistonga taʼsirini kamaytirish, iqtisodiy vaziyatni muvozanatlashtirish uchun xizmat qiladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozim, koʻpgina davlatlarning markaziy banklari asosiy foiz stavkalarini tushirishi moliyaviy sektorda emas, balki iqtisodiyotning real sektorida investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan. Agar 2008-yildagi tajribadan kelib chiqsak, oʻsha paytdagi ushbu vaziyat kapital oqimning rivojlangan davlatlardan rivojlanayotgan davlatlarga (Xitoyga) qarab harakatlanganligi kuzatilgan. Shu sababdan, Oʻzbekistonning ayni paytdagi vaziyatdan foydalanib qolish imkoniyati mavjudligini inobatga olib, qulay investitsion muhitni yaratishga katta eʼtibor qaratishinvestitsion jozibadorlikni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Furqat Yunusov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi loyiha rahbari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?