Dunyodagi eng noyob pushti olmoslardan biri sotuvga chiqarildi

16:51 13 Iyul 2018 Dunyo
250 0
Foto: Rio Tinto

Dunyo bo‘yicha pushti va qizil olmos qazib olinadigan konlarning asosiy qismiga egalik qiladigan Rio Tinto Avstraliya-Buyuk Britaniya konserni o‘z tarixida qo‘lga kiritgan eng yirik javohirlarining navbatdagi turkumini sotuvga chiqaradi. Bu haqida Reuters manbasi xabar berdi.

Ma’lumot uchun, ishlov berilgan rangli olmoslar qiymati rangsizlariga nisbatan bir necha barobar qimmat turadi. Dunyo bo‘yicha qazib olingan va zargarlik uchun yaroqli deb topiladigan har 1000-qimmatbaho tosh o‘zining betakror rangi bilan “maqtana” olar ekan. Shunda ham sariq va jigar rangga nisbatan pushti, qizil va siyoh rangdagilari kamdan-kam uchrashi kuzatiladi.

Konsernga tegishli Avstraliyadagi Argyle koni dunyo bozorlariga taklif etilayotgan pushti olmoslarning 90 foizini yetkazib beradi. Kompaniya topgan kamyob toshlariga o‘zi ishlov berib, yilda bir bor Argyle Pink Diamonds Tender ixtisoslashtirilgan auksioniga qo‘yadi.

Joriy yil Sidney shahrida bu boradagi yozgi tenderlar tarixidagi eng yirik olmos ko‘rgazma qo‘yildi. Uning nomi Argyle Alpha bo‘lib, 3,14 karat(0,628 gramm)ga teng. Ayni chog‘da yana umumiy og‘irligi 51,48 karatlik 63 ta olmos ham kolleksiyadan joy olgan. Ularning ichida 1,12 karatlik pushti, qizil va siyoh rang beshta boshqa yirik asl tosh ham bor.

Ko‘rgazma Sidneydan so‘ng Gonkong, Nyuy-York shaharlarida ham bo‘lib o‘tadi hamda xaridorlardan arizalar 10 oktyabrga qadar qabul qilinadi.

“Kuchli talab va dunyo bo‘yicha taklifning juda kamligi Argylega tegishli pushti olmoslar narxini sezilarli darajada oshishiga turtki beradi”, - dedi konsern bosh direktori Jan-Sebastyan Jak.

Darhaqiqat, 2016 yilda mazkur brend oxirgi 15 yilgi tenderlar davomida pushti olmoslar qiymati qariyb 300 foizga oshganini ma’lum qilgandi. Lekin auksionlardagi boshlang‘ich va yakuniy narxlar oshkor etilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?