Dunyoda ochlikdan aziyat chekayotgan insonlar soni 821 mln. kishidan oshib ketdi

17:07 12 Sentyabr 2018 Dunyo
136 0
Foto: kutepovapolina.blogspot.com

Sayyoramizda oʻzaro qarama-qarshiliklarning koʻpayib borishi va iqlim oʻzgarishi tufayli 2017 yilda ochlikdan qiynalayotganlar soni 821 mln. kishiga yetgan boʻlsa, 150 mln.dan ortiq bolalar nimjon boʻlib oʻsayotgani maʼlum boʻldi.

Bu haqda BMTning oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish toʻgʻrisidagi hisobotida toʻxtalib oʻtilgan. Unda mojarolar va iqtisodiy pasayishlar qatorida ayrim mintaqalarda yogʻingarchiliklarning meʼyoridan oshishi, shuningdek, qurgʻoqchilik va suv toshqinlarini keltirib chiqarayotgan iqlim oʻzgarishlari ochlik darajasi oshishiga asosiy sabab qilib koʻrsatilgan.

Masalan, Osiyoda besh yoshgacha boʻlgan qariyb har oʻninchi bola och qolayapti. Bunday norasidalarning boʻyiga nisbatan tana vazni Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi bolalarnikiga nisbatan past boʻlib qolmoqda.

Hisobotda dunyoda reproduktiv yoshdagi har uchinchi ayol kamqonlikdan aziyat chekayotgani, bu ular hamda farzandlari sogʻligi va rivojlanishiga jiddiy xavf solayotgani qayd etilgan. Kamqonlik tarqalganlik darajasi Afrika va Osiyoda Shimoliy Amerikaga qaraganda qariyb uch barobar ziyodni tashkil etadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti(FAO), Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi, YUNISЕF, JSST kabi xalqaro tuzilmalar rahbarlari bu boradagi muammolarni 2030 yilgacha hal etish zarurligi, buning uchun insoniyat yashashida zarur boʻlgan oziq-ovqat tizimlari va vositalari barqarorligi hamda moslashuvchanlik salohiyatini mustahkamlash, shu boʻyicha oʻzaro saʼy-harakatlarni tezlashtirish va faollashtirish lozimligini taʼkidlashdi.

Ayni chogʻda dunyo aholisining yoshi katta vakillari oʻrtasida semirish bilan bogʻliq muammolar ham chuqurlashib borayotir. Bu masala, ayniqsa, Shimoliy Amerikada dolzarbligicha qolmoqda. Xullas, kam ovqatlanish va semizlik koʻplab mamlakatlarda, bu holat hatto bir xonadonning oʻzida ham kuzatilayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?