Dunyo — jajji rassomlar nigohida

22:57 12 Mart 2019 Jamiyat
148 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida SHHT davlatlarining “Dunyo bolalar nigohida” nomli koʻrgazmasi ochildi. Unda 700 dan ortiq suratlar jamlangan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar, OAV vakillari, koʻrgazma ishtirokchilari va ularning ota-onalari hamda murabbiylari, SHHT davlatlarining Toshkentdagi milliy madaniyat markazlari xodimlari qatnashdi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

— Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini kuchaytirish, oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlashdan iborat, — dedi SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov. — Qolaversa, iqtidorli bolalarda tasviriy sanʼatga nisbatan qiziqish uygʻotish ham koʻzda tutilgan. Mazkur koʻrgazmani viloyatlarda, shuningdek, SHHT davlatlarining poytaxtlarida ham tashkil etishni moʻljallaganmiz.

Anjuman doirasida uchta nominatsiya boʻyicha gʻolib deb topilgan jajji rassomlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

 

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

Unga koʻra, 5 — 7 yoshdagi bolalar oʻrtasida birinchi oʻrin xitoylik Yan Shu Tingga (7 yosh), ikkinchi oʻrin hamyurtimiz Yoqut Isroilov (7 yosh), uchinchi pogʻona esa hindistonlik Sangit Tansinga (6 yosh) nasib etdi.

Shuningdek, 8 — 10 yoshdagi oʻquvchilar oʻrtasida oʻzbekistonlik Eʼzoza Avazjonova, XXR vakili Si Anki va Anastasiya Yuzbashyan (Rossiya Federatsiyasi) sovrinli oʻrinlarni egalladi.

11-12 yoshdagi oʻquvchilar oʻrtasida esa Gulzoda Mayrambekova (Qirgʻiziston), Farangiz Isomiddinova (Oʻzbekiston) hamda Alisa Pankratova (Qozogʻiston) gʻolib, deb topildi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

 

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

 

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

 

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

Anjumanning tantanali ochilish marosimida poytaxtimizdagi 280-maktabning “Raqs” xoreografiya guruhi va “Barkamol avlod” bolalar markazining “Zarb” ansamblining chiqishlari yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

Koʻrgazma 15-martgacha davom etadi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?