Dunyo futbolining “Aysberg”i

15:08 28 Aprel 2020 Sport
363 0

Jahon futboli tarixida oʻzidan yorqin iz qoldirgan murabbiylar juda koʻp. Ular  orasida Valeriy Lobanovskiy alohida ajralib turadi.Qattiqqoʻlligi , oʻz uslubiga sadoqati, futbolga boʻlgan mehr – muhabbati tufayli uni Metr, Polkovnik, Aysberg, Badqovoq ayiq degan laqablar bilan siylashgan edi.

Valeriy Lobanovskiy 1939-yilda Kiyevda ishchi oilasida tugʻilgan. Shu shahardagi 319 — maktabda oʻqigan. Bu maskan hozir uning nomi bilan ataladi. Maktabni kumush medal bilan tugatgan qahramonimiz oliy maʼlumotni Odessa politexnika institutida oldi. Kiyevdagi 1 – futbol maktabi tarbiyalanuvchisi sanalgan Valeriyni 1955-yilda “Dinamo” (Kiyev) safiga qabul  qilishdi.

Futbolchi sifatida u boshqalardan oʻz texnikasi, nostandart fikrlashi bilanfarq qilib turardi. Baland boʻyli boʻlishiga qaramay aldamchi harakatlarga usta edi. Chap qanot boʻylab tezkorlik bilan hujumga oʻtar, jamoadoshlariga aniq pas berardi. Lobanovskiy, shuningdek, burchak toʻplarini ham qoyilmaqom bajarardi. Bunda uning oʻz matematik hisob-kitobi bor edi. Toʻpni aylantirib tepishga harakat qilardi. Shunda uning darvoza toʻridan joy  olishi hech gap emasdi. Mashgʻulotlarda shunday zarba yoʻllash ustida juda koʻp ishlardi. Shuning natijasi sifatida u butun Ittifoqqa tanildi. Lobanovskiyni braziliyalik mashhur futbolchi Didaga qiyoslashardi. Dida 1958-yilgi jahon chempionatida toʻpni darvozaga aylantirib yoʻllashi bilan koʻpchilikni hayratga solgandi.

1961-yilda “Dinamo” (Kiyev) tarixga kirdi. Shu paytga qadar nuqul Moskva klublari chempion boʻlishardi. Kiyevliklar bu anʼanani buzishdi. “Dinamo” mamlakat chempioni boʻldi. U shunday natijaga erishgan sobiq Ittifoqdagi birinchi klubdir. Oʻsha mavsumda Lobanovskiy oʻnta gol kiritdi. Uni terma jamoaga taklif qilishdi. Biroq oʻsha paytda uning pozitsiyasida Mixail Mesxi, Anatoliy Ilin, Galimjan Xusainov singari kuchli futbolchilar toʻp surishardi. Shu boisdan Lobanovskiy terma jamoada ikkita oʻyin oʻtkazdi, xolos. Keyinchalik u “Chernomores” va Doneskning “Shaxtyor” jamoalari sharafini himoya qildi. Oliy ligada hammasi boʻlib 253 ta oʻyin oʻtkazib, 71 ta gol kiritdi.

Futbolchilik faoliyatini tugatganidan keyin bir yil oʻtib, “Dnepr” jamoasi murabbiyi boʻldi. Uch yil ichida bu jamoani oliy ligaga olib chiqdi. Keyin Ukrainaning oʻsha paytdagi birinchi rahbari Sherbiskiyning taklifiga koʻra, oʻzining sobiq jamoasi “Dinamo” ga ishlagani keldi. 1974-yildan boshlab 17 yil davomida shu jamoani boshqardi. Uning qoʻli ostida kiyevliklar sakkiz bor mamlakat chempioni boʻldilar, olti bor kubokni qoʻlga kiritishdi.

Yoshi ulugʻ muxlislar 1975-yilni yaxshi eslashsa kerak. Oʻshanda “Dinamo” sobiq Ittifoq klublari ichida birinchi boʻlib UYEFA superkubogini qoʻlga kiritgandi. “Frans Futbol” nashri Oleg Bloxinni Yevropaning eng kuchli futbolchisi deb eʼtirof etdi. Valeriy Lobanovskiy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi. Uning qoʻl ostida terma jamoa ilk muvaffaqiyatga 1976-yilda erishdi. Monrealdagi olimpiadada bronza medali qoʻlga kiritildi. 1988-yilda esa Yevropa vitse-chempioni boʻldi. Lobanovskiy “Dinamo” futbolchilarining ikki bor Yevropa kubok egalari kubogini bosh uzra koʻtarishlariga benihoya katta hissa qoʻshgan trener sifatida ham tarixda qoldi.

Bu tajribali trenerni dunyo futboli mutaxassislari oʻz oʻyin taktikasini yaratgan murabbiy sifatida tan olishadi. U bir paytlar burchak toʻplarini matematik aniq hisob-kitob asosida tepishni lozim koʻrardi. Trener sifatida ham shu usulga sodiq qoldi. Lobanovskiy oʻyinchilarning maydondagi harakatlarini matematik tarzda boshqarish mexanizmini yaratdi. Kim qanday harakat qiladi, toʻp kimga oshiriladi, hujum qanday nihoyasiga yetkaziladi — bularning bari ipidan ignasigacha avvaldan pishitib olingan boʻlardi. Toʻpni bir harakat bilan hujum chizigʻiga yetkazib berish va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatni yuzaga keltirish Lobanovskiyga xos oʻyin uslublaridan biri edi. Bu shunaqangi tez va kutilmaganda amalga oshirilar ediki, raqib himoyachilari koʻpincha kimni taʼqib etishni bilmay karaxt ahvolda qolishardi. Oleg Bloxinning yevroturnirda “Bavariya” darvozasiga kiritgan mashhur gollari ham aslida Lobanovskiy ishlab chiqqan taktika mahsuli edi.

1986-yilda qahramonimiz uchinchi bor terma jamoa bosh murabbiyligiga tayinlandi. Lobanovskiy oʻz odatiga muvofiq, terma jamoa asosini “Dinamo” (Kiyev) futbolchilaridan tashkil etdi. Komanda Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida hujumkor futbol namoyish qildi. Igor Belanov “Oltin toʻp” sohibi boʻldi. Keyinchalik Lobanovskiyning murabbiylik mahorati Rebrov, Andrey Shevchenko kabi futbolchilarning “yarq” etib koʻzga tashlanishlariga turtki berdi. Uning “Dinamo”si 1997 – 1998-yilgi mavsumda Chempionlar ligasi bahsida “Barselona” ni ikki oʻyin natijasiga koʻra 7:0 hisobida yengganini koʻpchilik yaxshi eslasa kerak.

Murabbiy sifatida oʻz maktabini yaratgan Lobanovskiyni ayrimlar aysbergga — suzib yuruvchi muztoqqa qiyoslashadi. Bu oʻxshatishda jon bor. Jiddiy qiyofasi, oʻz prinsiplariga sadoqati, kuchli iroda va qatʼiyati chindan ham yengilmas aysbergni eslatadi.U muvaffaqiyatlar paytida ham, alamli magʻlubiyatlar chogʻida ham oʻz hissiyotlarini oshkor etmas, ishlashda davom qilardi. Nechogʻli qattiqqoʻl boʻlmasin, futbolchilar uni hurmat qilishar,qadrlashar edi. Shu oʻrinda bir misol. 1984-yilda “Dinamo” mamlakat  chempionatida juda boʻsh qatnashdi. Jamoa keyingi 34 yilda bunaqangi past  pogʻonani band etmagan edi. Tabiiyki, bosh murabbiyni oʻzgartirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi. Shunda futbolchilar Lobanovskiyning yonini olib, uni qoʻllab-quvvatlashdi. Trener oʻz lavozimida qoldi. Kelasi yilda esa “Dinamo” ham mamlakat chempionligini, ham kubokni qoʻlga kiritdi. ValeriyVasilyevich jamoada avlodlar almashinuvidek ogʻriqli masalani oqilona hal eta bilgan sanoqli murabbiylardan biridir.

U jahon futbolining eng kuchli trenerlari qatorida turadi. Masalan, World Soccer nashri soʻroviga koʻra, Lobanovskiy 1959 – 2009-yillar oraligʻida dunyoning eng kuchli ellik nafar murabbiyi safidan oʻrin olgan. Football Pantheon nashri soʻrovnomasi boʻyicha esa Lobanovskiy barcha davrlar va xalqlarning eng kuchli trenerlari roʻyxatida 7-pogʻonani band etgan. U UYEFA ning “Xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Vafotidan ( 2002-yil) soʻng Ukraina Qahramoni ordeniga munosib deb topilgan. Aslida u tirikligidayoq oʻziga haykal qoʻygan buyuk insonlardan biri edi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?