Dunyo boʻylab xorijiy investitsiyalar 30-40 foizga kamayadi – BMT

16:49 28 Oktyabr 2020 Dunyo
116 0

Joriy yilda dunyo boʻylab toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TXI) 30-40% ga kamayadi. Pandemiyaning ikkinchi toʻlqini tufayli bir qator rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga putur yetishi natijasida esa pasayish yana-da ogʻirroq boʻlishi mumkin - taxminan 50%gacha.

Ushbu taxmin BMTning savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasining (UNCTAD) byulletenida maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, 2020-yilning dastlabki uch choragida qayd etilgan moliyaviy koʻrsatkichlar UNCTAD tomonidan iyun oyida “Investitsiyalarning 12 oy ichida 30-40 foizga pasayishi"ga bagʻishlangan jahon investitsiyalar hisobotida koʻrsatilgan taxminlarga mos kelgan.

«2020-yilgi bashoratlar noaniqliklarga toʻla, - deydi ekspertlar. – Zero, baʼzi rivojlangan mamlakatlarda pandemiyaning ikkinchi toʻlqini normallashtirish ishlariga halaqit berishi bois 2020-yilning birinchi yarmida qayd etilgan taxminan 50 foizga pasayishi yana uzayishi mumkin».

UNCTAD fikricha, tashqi investitsiyalar sohasidagi vaziyatning rivojlanishi sogʻliqni saqlash inqirozining davomiyligi va pandemiyaning iqtisodiy taʼsiriga qarshi kurash boʻyicha siyosiy harakatlar samaradorligiga bogʻliq boʻladi. Ammo bu borada “geosiyosiy xatarlar taxminlarga noaniqlik qoʻshishda davom etmoqda”.

UNCTAD maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning birinchi yarmida global investitsiyalarning pasayishi dunyo boʻylab joriy etilgan lokdaunlar amaldagi investitsiya loyihalarini susaytirgani bois 2019-yilning shu davriga nisbatan 49 foizni tashkil etgan, shuning bilan birgalikda, chuqur tanazzul holati yangi loyihalarni qayta baholashga olib kelgan.

Dunyo boʻylab eʼlon qilingan investitsiya loyihalari sonining 37 foizga, birlashish va qoʻshib olishlarning 15 foizga, yangi transchegaraviy moliyaviy shartnomalarning esa 25 foizga pasayishi kuzatilgan.

Joriy yilning dastlabki olti oyida xorijiy investitsiyalarning sezilarli pasayishi sanoati rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan - 75 foizga pasayib, 98 milliard dollarni tashkil etgan. Xususan, Shimoliy Amerikada xorijiy investitsiyalar 56 foiz, yaʼni 68 milliard dollarga kamaygan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa yilning birinchi yarmida bu pasayish 16 foizni tashkil etgan va bu, ekspertlarning fikriga koʻra, kutilganidan kamroqdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?