Dunyo boʻyicha oʻta xavfli kasalliklar roʻyxatida eng birinchi oʻrinda turadigan xastalik nima ekani maʼlum qilindi

20:28 07 Mart 2019 Jamiyat
877 0

Bugun Milliy matbuot markazida Davlat veterinariya qoʻmitasining “Quturish kasalligining kelib chiqishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Davlat veterinariya qoʻmitasi masʼul xodimlari, veterinariya mutaxassislari, IIB karantin xizmati va OAV xodimlari ishtirok etmoqda.

Xalqaro tashkilotlarning maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha har yili 60 mingdan ortiq odam quturishdan vafot etadi va 1 millionga yaqin hayvonlar shu kasallikka chalinadi.

— Nafaqat quturish kasalligi, balki kuydirgi, sil va boshqa shu kabi oʻta xavfli kasalliklar, asosan, hayvonlardan yuqadi, — deydi Davlat veterinariya qoʻmitasi mutaxassisi Nodir Mahmudov. — Aslida hayvon olgan odam darhol veterinariya shoxobchasiga borib emlatishi kerak. Lekin aholiga yanada qulay boʻlishi uchun uyma-uy yurib, xonadonlardagi hayvonlarni quturishga, umuman, xavfli kasalliklarga qarshi emlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Olib borilayotgan chora-tadbirlarni chekka hududlarda yanada rivojlantirish, xavfli kasalliklarga qarshi kurash targʻibot ishlarini OAVda ham keng yoritib borish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.

— Dunyo boʻyicha oʻta xavfli kasalliklar jami 600 ta boʻlsa, ularning ichida eng birinchi oʻrinda quturish kasalligi turadi, — deydi veterinariya fanlari doktori Muborak Mamatova. — Bu xastalikning oldini olish uchun yurtimizda koʻlamli chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan. Har bir uy hayvoni maʼlum muddatda emlanib, nazorat ostida boʻladi. Shunga qaramay, nazoratni yanada oshirish kerak, deb oʻylayman. Masalan, har bir hududda daydi hayvonlar, ayniqsa, daydi itlarni saqlaydigan joy tashkil etilsa, quturish kasalligini oldini olishda katta samara berardi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?