Samarqanddagi do‘konda gaz portlashi tufayli 14 yashar qiz va 18 yashar yigit halok bo‘ldi

17:56 11 Iyul 2018 Jamiyat
614 0

Samarqanddagi Yangiobod mahallasidagi do‘konda sodir bo‘lgan kuchli portlash ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda “Самаркандский вестник” nashri xabar tarqatmoqda.

Qayd qilinishicha, mahallada joylashgan do‘konda 14 yashar qiz onasi va akasining bozorga ketgani sabab, vaqtinchalik sotuvchilik qilib turgan, shunda 18 yashar bola sigaret sotib olgan va uni shu yerning o‘zida tutatib olishni so‘ragan. Yoqilgan olov esa portlashga sabab bo‘lgan.

Tanasining 80 foizidan ortig‘i kuygan o‘g‘il va qiz respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining kuyish bo‘limiga yotqizildi. Biroq shifokorlarning urinishlari zoye ketdi. O‘spirin fojiadan uch kun o‘tib vafot etgan bo‘lsa, to‘rtinchi kuni qiz ham halok bo‘lgan.

“Markazgazta’minot” UK bosh muhandisi X.Bobomurodovning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, maishiy gaz trubalar korroziyaga uchragani tufayli sizib chiqqan.

“Mahallamiz hududida shimoliy taqsimlash stansiyasidan g‘isht zavodigacha gaz trubalari yotqizilgan. Shu yerning o‘zidan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ham quvurlar tortilgan. Barcha quvurlar yuk mashinalar o‘tuvchi avtomobil yo‘li tagidan o‘tgan. Mutaxassislar gaz sizib chiqqan quvur teshigini topishdi. Do‘kon gaz tarmoqlariga ulanmaganiga qaramasdan gaz tuproq orqali, balki kemiruvchilar inlaridan o‘tib, xonada to‘plangan. Yoqilgan sigaret portlashga sabab bo‘lgan. Bu voqeadan so‘ng “Biz porox ustida yashayotgandaymiz”, deb xavotirda qoldik. Axir, istalgan paytda, istalgan joydan gaz sizib chiqishi mumkin-da”, - deydi Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi U.Po‘latov.

Nashrda keltirilishicha, voqea joyi hududidan ko‘plab gaz trubalari o‘tgan. Teshik paydo bo‘lgan quvur Samarqand g‘isht zavodlaridan biriga tegishli. Ularni qoida bo‘yicha olib borilishi kerak bo‘lgan tekshirish ishlari oxirgi marta qachon o‘tkazilgani noma’lum.

Demakki, mahallada yashovchi deyarli yuz kishining xavfsizligiga kafolat yo‘q, deb xulosa qiladi maqola muallifi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?