Dubay amirligi taxt vorisi Navoiyga nega keldi?

11:45 17 Oktyabr 2019 Welcome to uzbekistan
1054 0

Bugungi kunda Navoiy viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan Navoiy viloyatida ov turizmini rivojlantirish hamda ov qilish uchun qulay boʻlgan hududlarga investorlarni jalb qilish yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 13-oktyabr kuni Dubay amirligining taxt vorisi Shayx Hamdan ibn Muhammad Al-Maktum boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Navoiy viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi xabar berdi.

Shahzoda Hamdan ibn Muhammad lochin bilan ov qilish maqsadida Navoiy shahriga uchib keldi. U har yili Navoiy viloyatiga ov qilish maqsadida tashrif buyuradi.

Taʼkidlab oʻtish lozimki, Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikdagi choʻl hududida 300 gektar yer maydonni egallagan “Amirliklarning yoʻrgʻa tuvaloqni asrash markazi” (AYTAM) joylashgan.

Qushlarni yovvoyi tabiatga uchirish mavsumi asosan sentyabr-oktyabr oylari hisoblanadi. 2012-yildan shu vaqtga qadar markaz tomonidan tabiatga 10 mingga yaqin yoʻrgʻa tuvaloq yovvoyi tabiatga uchirilgan.

Shahzoda Hamdan boshchiligidagi delegatsiya lochinlar bilan shu hududda tuvaloqlarni ovladi va bu haqdagi videolavhani Tvitter sahifasiga joylashtirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?