DTM ayrim abituriyentlarning imtiyoz beruvchi tavsiyanomalari tasdiqlanmaganini maʼlum qildi

14:41 26 Sentyabr 2020 Jamiyat
1169 0

Ijtimoiy tarmoqlarda harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasiga ega boʻlib, yetarli ball toʻplasada, talabalikka tavsiya etilmagan degan mazmundagi maʼlumotlar tarqalmoqda. Davlat test markazi mazkur xabarlarga izoh berdi.

"Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan abituriyentlarni respublikaning oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirishi uchun tegishli oʻquv yiliga tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul koʻrsatkichlari ajratiladi va ular ushbu koʻrsatkichlar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladilar.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 468-son qarorining 2-ilovasiga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar toifasi hamda ularning reyestrini shakllantirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar tasdiqlangan.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan fuqarolarga imtiyozlarni berish uchun masʼul vakolatli organlar ham belgilangan.

Mazkur tavsiyanomaga ega abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda oʻzlariga tegishli tavsiyanoma maʼlumotlarini dasturga kiritadilar va roʻyxatga olish yakunlangandan soʻng, ularning maʼlumotlari masʼul vakolatli organga yuboriladi hamda maʼlumotlarning toʻgʻri ekanligi tekshirilib, tasdiqlanadi.

Yuqorida keltirilgan abituriyentlarning maʼlumotlari oʻrganilganda ularning tavsiyanomasi masʼul vakolatli organ tomonidan tasdiqlanmaganligi aniqlandi.

Tavsiyanomasi tasdiqlanmagan abituriyentlarga nisbatan imtiyoz qoʻllanilmaydi", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?