Dronlar, sputniklar, kosmik suratlar, fazoviy maʼlumotlar — yangi qonun loyihasi nimasi bilan ahamiyatli?

19:39 03 Sentyabr 2020 Siyosat
359 0

Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish va innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda geografik axborot tizimlari va mobil ilovalar shakllantirilmoqda hamda ular yordamida aholiga va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatilmoqda. Xususan, navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarning maʼlumotlar bazasi fazoviy maʼlumotlardan tashkil topgan. Bunda kosmik suratlar, dronlardan olingan maʼlumotlar, xaritalarda koʻrsatilgan yer, bino-inshoot, aholi punktlari, sanoat, qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy-madaniy obyektlar hamda ular toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar fazoviy maʼlumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan “Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuqorida qayd etilgan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgandir.

Qoʻmita huzurida tuzilgan ishchi guruhi yigʻilishida deputatlar tomonidan loyihada aks etgan moddalar yuzasidan turli xil fikrlar bildirib oʻtildi. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta. Qonun loyihasining pishiq-puxtaligini taʼminlash maqsadida qoʻmita aʼzolari Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi faoliyatini oʻrgandilar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari, sohaning mutaxassis va ekspertlari bilan bevosita muloqotlar olib borib, ularning sohaga oid fikr va mulohazalari bilan tanishdilar.

Deputatlar geofazoviy maʼlumotlar bazalarini yaratish va ulardan foydalanish jarayonlarida axborot xavfsizligi talablarini kuchaytirishga hamda davlatning mudofaa va milliy xavfsizligini taʼminlash maqsadida Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surishdi. Shu bilan birga, ayrim moddalar xalq vakillarining eʼtirozlariga ham sabab boʻlmoqda.

— Qonun loyihasida vakolatli davlat organiga “Fazoviy maʼlumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ishlov berish, saqlash, taqdim etish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish” vakolati taklif etilgan, — deydi qoʻmita aʼzosi Doniyor Gʻaniyev. — Bugungi kunda mamlakatimizda fazoviy maʼlumotlar ishlab chiqish, yangilash va taqdim etish faoliyati bilan asosan, yangi IT startaplari va boshqa tadbirkorlik subyektlari shugʻullanishi inobatga olinadigan boʻlsa, mazkur norma sohada faoliyat yuritadigan biznes vakillari faoliyatiga byurokratik toʻsiq yaratishi mumkin. Qolaversa, bu mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, ularning faoliyati ustidan davlat organlarining nazoratini cheklash hamda erkin faoliyat muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlarga ziddir.

— Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida ularning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashiga jiddiy eʼtibor qaratiladi, — deydi qoʻmita aʼzosi Shohista Turgʻunova. — Qoʻmitamiz tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan mazkur qonun loyihasi ham havolaki normalardan xoli emas. Xususan, fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadigan nizom asosida belgilanishi koʻzda tutilgan. Nizomdagi talablarni bevosita qonun loyihasida aks ettirish va bu orqali qonunning amaliyotda toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlash maqsadga muvofiqdir.

— Bugungi kunda erkin bozor iqtisodiyoti muhitini yaratish, bozorda raqobatni taʼminlash, shuningdek, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan, — deydi qoʻmita aʼzosi Baxtiyar Maniyazov. — Qonun loyihasida esa vakolatli davlat organi tomonidan fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi masalalari boʻyicha narx siyosatini olib borishni taʼminlash taklif etilmoqda. Bu esa toʻgʻridan-toʻgʻri erkin bozor iqtisodiyoti prinsiplariga qarama-qarshi boʻlib, amaldagi raqobat toʻgʻrisidagi qonun talablariga ham toʻgʻri kelmaydi. Qolaversa, narxlarning davlat organi tomonidan belgilanishi bozorda raqobatning susayishiga olib kelib, sohaning rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi hamda korrupsiya holatlariga yoʻl ochadi.

Qoʻmita huzuridagi ishchi guruh siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan qonun loyihasi yuzasidan berilayotgan taklif va tavsiyalarni oʻrganib chiqmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?