Doʻstlik va qardoshlik ramzi

10:48 07 Dekabr 2018 Jamiyat
920 0

Chinoz tumanidagi “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yigʻini oʻzgacha qiyofa kasb etdi. “Obod qishloq” dasturi doirasida bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Yoʻllari asfaltlandi, yangi turarjoylar va madaniy-maishiy obyektlar foydalanishga topshirildi.

Qishloqni obodonlashtirish chogʻida, bu yerda koʻproq tojik millatiga mansub fuqarolar yashashi inobatga olinib, oʻzbek va tojik xalqlarining urf-odat hamda anʼanalarini yaqqol aks ettirishga alohida eʼtibor qaratildi. Eng goʻzal binoda oʻzbek — tojik madaniyat markazi joylashtirildi. Bu yerdagi kutubxonada oʻzbek va tojik mumtoz adabiyoti durdonalari bilan bir qatorda, zamondosh yozuvchi hamda shoirlar asarlari jamlangan. Oʻquv va anjumanlar zali, tibbiyot xonasi zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlandi.

Qishloqdagi 47-umumtaʼlim maktabi toʻliq qayta taʼmirlandi hamda 180 oʻrinli qoʻshimcha bino qurildi. Yangi sport zalida bolalar uchun barcha shart-sharoit mavjud. 8-maktabgacha taʼlim muassasasi esa butunlay yangidan barpo etildi. 60 oʻringa moʻljallangan ushbu bogʻcha zamonaviy talablarga javob beradi. Eʼtiborlisi, har ikki muassasada ham taʼlim-tarbiya oʻzbek va tojik tillarida olib borilyapti.

Yangi qurilgan sport maydonchasida barcha imkoniyat bor. Toʻgaraklar faoliyat boshladi. Bogʻ va gulzorlar tashkil etildi. 28 ta xonadonda uy toʻylari boʻlib oʻtdi. 120 ish oʻrniga moʻljallangan “Fafir” toʻqimachilikfabrikasi ochildi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari tuman markazi filiali tashkil etildi.

Hududdagi Tinchlik, Obodlik, Yoshlik koʻchalariga asfalt yotqizildi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari roʻyxatini yana davom ettirish mumkin.

Sirasini aytganda, tojik ovul, tom maʼnoda, tong yulduziga aylandi.

Yangi qiyofa kasb etgan qishloqda tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda soʻzga chiqqan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar odamlarni rozi qilish maqsadiga yoʻnaltirilganligini alohida taʼkidladilar. Bu gʻoya tashkil etilgan badiiy chiqishlarda ham oʻz aksini topdi. Yangi qishloq xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlikning chin maʼnodagi ramziga aylanganini oʻzbek hamda tojik tillarida sheʼru qoʻshiqlar baralla yangraganidan ham bilish mumkin edi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy ishtirok etdi.
Rahmatilla ShЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?