“Doʻstlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da hamma sharoit yaratilgan

11:25 17 Avgust 2019 Jamiyat
387 0

Joriy yilning 15-16-avgust kunlari Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Doʻstlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” binosida “Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ijtimoiy sheriklikni amalga oshirishdagi muammolar hamda yechimlar” mavzusida ikki kunlik yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat Kengashi, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi va Xorazm viloyat hokimligi vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.

2018-yilda Parlament komissiyasi mablagʻlari hisobiga Urganch shahrida bunyod etilgan “Doʻstlik va NNTlar uyi” tajribasini butun respublikaga targʻib qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻu Kengesi vakili, Toshkent shahri va viloyat hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosarlari ham taklif etildi.

Tadbir 15-avgust kuni “Doʻstlik va NNTlar uyi”da NNTlarning faoliyati va ularga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganishdan boshlandi. Bu yerga viloyatning 16 ta eng ilgʻor NNTlari va 4 ta milliy madaniy markazlar joylashtirilgan.

Yigʻilish ishtirokchilari avval OʻzNNTMA Xorazm viloyati hududiy boʻlinmasi uchun yaratib berilgan sharoitlar va imkoniyatlarni oʻrganishdi. Shundan soʻng, OʻzNNTMA Kengashi raisi va oʻrinbosarlari Koreys madaniy markazi hamda “Nur va hayot” Xorazm viloyati markazi NNT faoliyati bilan tanishdi.

Eʼtiborli jihati shundaki, “Nur va hayot” markazi ekologiya sohasida faoliyat koʻrsatib keladi. U xalqaro fondlar tomonidan ajratilgan grant tanlovlarida ishtirok etib 1 mlrd. soʻmdan ortiq grant mablagʻlarini jalb qilgan holda yurtimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidek ekologik holati ogʻir mintaqalarida ekologik taʼsirni yumshatishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Ichimlik suvi muammosi oʻtkir boʻlgan hududlarga suv olib kelib, aholining eng dolzarb muammolarini hal qilish ana shunday ezgu ishlardan biridir.

Kunning ikkinchi yarmida “Doʻstlik va NNTlar uyi” majlislar zalida 20dan ortiq NNTlar ishtirokida Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining jamoat eshituvlari tashkil etildi.

Ushbu davlat organlarining mutasaddi xodimlari Parlament komissiyasi aʼzolari hamda NNTlarga oʻzlarining 2019-yilning 1-yarim yilligida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida hisobot berdi, tashkilotning oldida turgan muammolarni yechishda NNTlarga ijtimoiy sheriklik doirasida hamkorlikni kuchaytirish borasida takliflar oʻrtaga tashlandi.

Jamoat eshituvlari qizgʻin savol-javob va munozaralarga ulanib ketdi. Ularda NNTlarning savollariga nafaqat davlat organlari vakillari, shuningdek, Parlament komissiyasi va OʻzNNTMA Kengashi raisi va oʻrinbosarlari ham javob berdi.

Tadbirning ikkinchi kuni “Doʻstlik va NNTlar uyi”da joylashgan milliy madaniy markazlar va NNTlar koʻrgazmalari bilan tanishishdan boshlandi.

Oʻzbekiston nogironlar jamiyati Xorazm viloyati boʻlimi tomonidan ajratilgan nogiron shaxslarga 4 ta nogironlik aravachasi, 10 ta yurish moslamasi va 20dan ortiq hassa buyumlari Maslahat Kengashi va Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan tantanali ravishda egalariga topshirildi.

Shundan soʻng kengaytirilgan qoʻshma yigʻilish boʻlib oʻtdi. Uni Tadbirni FJSHMQMI direktori, Maslahat Kengashi aʼzosi Rustam Kamilov ochib berdi.

Parlament komissiyasi aʼzolari davlat organlari va NNTlar bilan oʻzaro savol-javob tarzida ochiq muloqot oʻtkazib, ularning talab va takliflarini oʻzlari uchun belgilab oldilar.

Kunning ikkinchi yarmida OʻzNNTMA Kengashi raisi va oʻrinbosarlari hamda Xorazm viloyati adliya boshqarmasi masʼul xodimlari ishtirokida 20 dan ortiq NNTlar ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi. Unda NNTlar oʻzlarining oldida turgan muammo va kamchiliklarni hal qilish borasida tegishli taklif va tavsiyalar olishdi.

Xususan, OʻzNNTMA hududiy boʻlinmasi va “Interbilim” markazi rahbari R.Masharipova Xorazm viloyatidagi NNTlar imkoniyatlari va ular tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, “Doʻstlik va NNT uyi” koʻplab NNTlarni bino bilan taʼminlay olmayotganligi haqida aytib, boʻsh turgan joyga yangi bino qurish taklifini bildirdi.

“Nur va hayot” markazi NNT rahbari oʻz tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish bilan birga, tashkilotning oldida turgan dolzarb muammolarni ham taʼkidlab oʻtdi. Xususan, Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi “Nur va hayot” markazi kabi ekologiya sohasidagi NNTlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymayotganligini, bu borada boshqarma sustkashlikka yoʻl qoʻyayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

“Farzand” markazi NNT rahbari S.Nurullayev sayyor qabul tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirib, NNTlar uchun tadbirkorlik bilan shugʻullanish borasida qonunchilik haqida soʻrab murojaat qildi. OʻzNNTMA vakillari va adliya boshqarmasi masʼul xodimlari bu borada qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotganini, tez orada bu sohada yangilik boʻlishin aytib oʻtdilar.

Shundan soʻng, Kereys madaniy markazi rahbari Antonina Kim Urganch shahri “Doʻstlik va NNT uyi”da yaratilgan shart-sharoit uchun hukumatimizga, xususan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondiga minnatdorchilik bildirib, milliy madaniy markazlar oldida turgan moliyaviy muammolar haqida aytib oʻtdi. Shuningdek, “Doʻstlik va NNT uyi” binosiga qorovul yetishmasligi va kommunal toʻlovlarni toʻlash borasida binoda joylashgan barcha NNTlar uchun teng taqsimlanmayotganligi haqida taʼkidlab oʻtdi.

OʻzNNTMA vakillari grant loyihalarida faol ishtirok etish orqali NNTlarni moliyaviy mustaqil qilish borasida tavsiya berdilar hamda OʻzNNTMA Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkillashtiriladigan mahorat darslarida ishtirok etishga chaqirdilar.

“Mehr bulogʻi” NNT rahbari Bekjonova Gulposhsha uning tashkiloti uchun nogironligi boʻlgan shaxslarga kasb-hunar oʻrgatishi uchun oʻquv xonasi ajratilishini soʻrab murojaat qildi. Adliya boshqarmasi vakillari “Doʻstlik va NNTlar uyi” hovlisida boʻsh turgan joyga yangi bino qad rostlashini aytib, keyinchalik yangi binodan oʻquv xonalari ajratilishini bildirdi. Shuningdek, Adliya boshqarmasi masʼul xodimlari NNTlar uchun telegram guruh yaratilgani, ushbu guruh orqali NNTlar individual yoki jamoaviy murojaat yoʻllashlari mumkinligini maʼlum qildi.

Darhaqiqat, NNTlar oldida turgan eng katta muammo – bu moliyaviy yetishmovchilik. Ushbu muammolarni yechishda davlat organlari bilan uzviy hamkorlik qilish, ular tomonidan beriladigan ijtimoiy buyurtmada ishtirok etish, yuqorida aytib oʻtilgan muammolarni hal etishda oʻzining amaliy natijasini koʻrsatishi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?