Do‘stlik ko‘prigi mustahkamlanmoqda

13:34 07 Avgust 2018 Jamiyat
146 0

Bugun erta tongdan Toshkentdan yo‘lga chiqqan bir guruh jurnalistlar ikki respublika o‘rtasidagi “Oybek” postiga yetib kelishdi. Ularni Tojikiston ommaviy axborot vositalari rahbarlari, jurnalistlar, ziyolilar karnay-surnay sadolari ostida kutib oldilar.

Xo‘jand shahridagi Matbuot qasrida jurnalistlar “Haqiqati So‘g‘d” “Sogdiyskaya pravda”, “So‘g‘d haqiqati” gazetalari tahririyati faoliyati bilan yaqindan tanishishdi, o‘zaro fikr almashildi.

— Bunday munosabatlar do‘stlik ko‘prigini mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi “Haqiqati So‘g‘d” gazetasi Bosh muharriri Muxtor Abdullayev. — Gazetamiz 7500 nusxada chop etiladi. Bu yil nashrimiz tashkil etilganiga 87 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida ijodkorlar maktabi sifatida tahririyatimizda to‘plangan tajribani o‘zbek hamkasblarimiz bilan almashish juda maroqlidir.

— Otamning o‘zbek yozuvchilari bilan aloqasi mustahkam edi, — deydi tojik va o‘zbek tillarida birdek ijod etib, ajoyib asarlar yozgan taniqli yozuvchi Hoji Sodiqning qizi Xurshida Sodiq. — Said Ahmadning otam tarjima qilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” asari tojik teatrlari sahnasida bir necha marta qo‘yilishi ham buning yaqqol tasdig‘idir.

O‘zbek jurnalistlarini Tojikiston safariga kuzatib qo‘yar ekan, Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy bu uchrashuvlar konstruktiv tusda bo‘lishini ta’kidlab, ijodkorlarga Tojikiston Respublikasining deyarli barcha hududini avtomobil orqali aylanib chiqishni tavsiya etdi.

O‘zbek va tojik jurnalistlarining So‘g‘d shahrida o‘tkaziladigan matbuot konferensiyasidan so‘ng ijodkorlar mamlakat poytaxti Dushanbe shahriga yo‘l olishadi.

Shoyim BO‘TAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?