Dorilomon kunlar shukuhi

17:11 07 May 2019 Jamiyat
221 0

U kunlar endi xotira. Ammo qora kunlar yodi hanuz yashaydi. Bobolar kezgan janggohlar oʻrni endi kentlar, obod shaharlarga aylangan. Bu yerlarda xiyobonlar, xotira maydonlari barpo etilgan.

Muzaffar mamlakatlarda har yili 9 may — xotira kuni sifatida nishonlanadi, lekin bizning yurtda bu kunda urush va mehnat faxriylari bilan birga, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ham xotirlanadi, oilalaridan xabar olinib, umrguzaronlik qilayotganlari eʼzozlanib, moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi.

Dorilomon kunlarga yetib kelgan otaxonlardan biri, Toshkent shahri Uchtepa tumanida istiqomat qilayotgan Qirgʻizboy ota Kamolovdir.

U kishi frontga otlanganida oʻn toʻqqiz yoshda, 1942 yilning fevrali — ayni urush qizigan palla edi. Navqiron yigit avval Saratov viloyatidagi tankchilar tayyorlash bilim yurtida oʻqiydi, noyabr oyida Voronej shahriga, Stalingrad 5-tank postiga joʻnatiladi. Voronej nemislar qoʻlidan tortib olingach, undan Kursk-Orlov jangida qatnashib, soʻngra Kiyevni ozod qilishadi.

Qirgʻizboy ota Vena, Praga shaharlaridan fashistlarni quvib chiqarishda ham qatnashadi.

— Urushdan davr taqozosiga koʻra qariyb besh yarim yil deganda — 1947 yilning aprelida vatanimga qaytib keldim, — deydi otaxon. — Keyinchalik ham yurt ravnaqi yoʻlida imkonim boricha mehnat qildim. Shunisiga ham shukr, farzandlar, xalqimiz, davlat rahbarining ardogʻidaman. Toʻqsondan oshgan piru badavlat moʻysafidga bundan ortiq nima ham kerak?!

Otaxon dorilomon kunlar, osudalik, baxtli hayot uchun shukrona keltiradi. Qoʻli hamisha duoda.

Dilbarxon UMURZOQOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?