Dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

17:49 13 Sentyabr 2020 Jamiyat
190 0

DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Bekobod tumani hududida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida mahalliy fuqaro Gʻofurov boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashina toʻxtatilib, tekshirildi. Natijada, uning salon qismida 640 mln. soʻmlik 4000 dona «Meropenem» dori vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Tojikistonlik Shuhrat ismli shaxsga tegishli boʻlgan mazkur dori vositalari aylanma yoʻllar orqali mamlakatimizga olib oʻtilgan boʻlib, Gʻofurov ularni kelgusida sotish uchun Shuhratning Toshkent shahridagi tanishlariga yetkazib berishi kerak boʻlgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, shu kabi qonun buzilish holati Sirdaryo viloyatida ham aniqlandi. Xususan, mahalliy fuqarolar Mamayev hamda Qoʻchqorovlar davlat chegarasining Sirdaryo tumani “Oq yoʻl” MFY hududidan oʻtuvchi qismidan Qozogʻiston Respublikasiga tibbiy buyumlar va dori vositalarini yashirin ravishda oʻtkazishga uringan vaqtlarida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlandi. Ulardan qariyb 75 mln. soʻmlik «Tivortin», «Deksametozon» dori preparatlari va boshqa tibbiy vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda ushbu holat boʻyicha dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?