Dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

15:54 28 Fevral 2019 Jamiyat
355 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan fuqarolar murojaati asosida oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar jarayonida isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan va hech qanday sifat sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyilmoqda. Bu haqda boshqarmaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi xabar qilmoqda.

Jumladan, poytaxtimizning Yashnobod tumani, Sodiq Azimov koʻchasi, 65-uyda joylashgan dorixonada oʻtkazilgan profilaktik tadbirda 9 dona umumiy bahosi 594 ming soʻmlik, xalqimiz orasida “insulin” nomi bilan ataluvchi dori vositasi noqonuniy ravishda savdoga qoʻyilganligi aniqlandi. Shuningdek, tadbir davomida kunlik savdodan tushgan 889 ming 500 soʻm naqd pul nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi maʼlum boʻldi.

Yashnobod tumani, Fargʻona yoʻli koʻchasi, 97 uyda joylashgan yana bir dorixonada umumiy bahosi 11 million 704 ming soʻmlik “insulin” va boshqa turdagi dori vositalari qonunga xilof ravishda savdoga qoʻyilganligi aniqlandi.

Shayxontohur tumanida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida Gulobod mavzesi, 54-uy, 2-xonadonda joylashgan dorixonada isteʼmolchilar dardiga darmon emas, aksincha, zarar yetkazishi mumkin boʻlgan 50 turdagi umumiy bahosi 8 million 273 ming soʻmlik, shuningdek, yaroqlilik muddati oʻtib ketgan 33 dona umumiy bahosi 26 400 soʻmlik dori vositalari noqonuniy ravishda savdoga qoʻyilgan. Bundan tashqari, tadbir davomida kunlik savdodan tushgan 246 ming 500 soʻm naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi aniqlandi.

Ushbu hududdagi Asadulla Xadjayev koʻchasi 40B-uyda joylashgan dorixonada oʻtkazilgan profilaktik tadbirda savdodan tushgan 377 ming soʻm naqd pul nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinmaganligi maʼlum boʻldi.

Tadbir davomida dorixona koʻzdan kechirilganida jami 23 turdagi umumiy bahosi 2 million 815 ming soʻmlik dori vositalarining noqonuniy ravishda savdoga qoʻyilganligi aniqlanib, qonuniy chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?