Dori vositalari eksporti oʻtgan yilning birinchi choragiga nisbatan 134,6 foizga oshdi

14:31 21 May 2019 Jamiyat
209 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida dori-darmon taʼminotini yanada yaxshilash va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.

Jumladan, mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi “2019 – 2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sohadagi islohotlarning izchil rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 162 ta korxonadan 90 tasida dori vositalari, 61 tasida tibbiy buyum va 11 tasida dori vositasi va tibbiy buyumlar ishlab chiqarmoqda. Ishlab chiqarilayotgan 2486 dan ortiq dori vositalari va 199 ta tibbiyot buyumlari tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat etilib, davlat roʻyxatiga olingan. 19 ta farmatsevtika korxonalarining 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari xalqaro farmatsevtika bozoriga, shu jumladan, AQSH, Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari va MDHga eksport qilinmoqda.Bundan tashqari, farmatsevtika sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilinishi hisobiga 26 ta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarda tashkil etilayotgan barcha ishlab chiqarish korxonalari qatori, farmatsevtika korxonalariga ham imtiyozlar berilishi soha rivojiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Eʼtiborli jihati, mahalliy ishlab chiqaruvchi 27 ta korxona tomonidan 25 farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlar 14 ta xorij davlatlarga, jumladan, AQSH, Germaniya, Rossiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Korxonalar tomonidan eksport qilingan mahsulotlar hajmi 2018 yilning 1 choragiga nisbatan 134,6 foizga oshdi. 6 ta yangi farmatsevtik bozor –Janubiy Koreya, Turkiya, Moldova, Tojikiston, Belorus va Yaman davlatlari bozorlari oʻzlashtirildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?