Dori va uning narxi haqida mobil ilova orqali maʼlumot olish mumkin boʻladi

19:15 12 Iyul 2019 Jamiyat
411 0

Foto: AOKA

2019-yil 12-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan farmatsevtika sanoatidagi islohotlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida dori-darmon sifatini nazorat qilish borasidagi ishlar xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

— Xavotirga oʻrin yoʻq. Dori vositalarining sifati qatʼiy nazoratda boʻlib, sifatsiz dori vositalarining ishlab chiqarilishiga va chetdan yurtimizga kirib kelishiga aslo yoʻl qoʻyilmaydi, — dedi tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi Muhabbat Ibrohimova. — Shu maqsadda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi qoshida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi faoliyat yurityapti.

Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Furqat Sanayevning taʼkidlashicha, ushbu markaz Oʻzbekistonga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qiladi, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi. Mazkur muassasa tomonidan 2018-yil va 2019-yilning 1-mayiga qadar sifati talabga javob bermagani uchun 258 nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, 43 nomdagi substansiyalarga muvofiqlik sertifikati berish rad etilgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu boradagi ishlar yanada takomillashtirilib, dori vositalarini elektron tarzda nazorat qilish tartibi belgilanadi. Bunda xalqaro tajribalarni oʻrgangan holda yangi tizim joriy etilyapti. Unga koʻra, har bir import qilinayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositasiga maxsus stikerlar yoki yorliqlar joylanib, dori rastalariga yetkaziladi. Kelgusida shu stiker yoki yorliqlar asosida aholi har bir dori va uning narx-navosi haqida mobil ilova orqali batafsil maʼlumot olishi mumkin boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?