Doniyor Gʻaniyev: Hujjatlari yonida boʻlmagan haydovchilarning javobgarligiga oid normani qayta koʻrib chiqish lozim

22:19 09 Iyun 2020 Siyosat
811 0

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga “Avtotransport vositasining sugʻurtasi yoʻqligi yoki texnik koʻrikdan oʻtmaganligi tufayli jarima maydoniga qoʻyish amaliyotini bekor qilish haqida” joylangan murojaat 10 mingdan ortiq ovoz olib, bilishimcha hozirda Oliy Majlis qoʻmitalaridan birida koʻrib chiqilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari buzilgan holatlarda BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima qoʻllanilishga hamda qoidabuzarlik bartaraf etilguncha transport vositalari vakolatli organ tomonidan ushlab turilishiga sabab boʻladi. Lekin majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan transport vositalarini jarima maydonida ushlab turish koʻzda tutilmagan.

Xalqaro tajribada ham shunga oʻxshash amaliyotni uchratish mumkin. Koʻplab davlatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH va Germaniya) transport vositasini sugʻurta polisisiz boshqarish katta miqdordagi jarimaga sabab boʻladi. Shuningdek, agar lozim topilsa, YPX xodimlariga transport vositasini jarima maydonida ushlab turish huquqi ham berilgan.

Lekin Oʻzbekistondan farqli ravishda bu mamlakatlarda sugʻurta tizimi juda samarali ishlashini unutmaslik lozim. Yaʼni yoʻl transport hodisasi sodir etilib, haydovchiga, transport vositasiga yoki uchinchi shaxs va uning mulkiga yetkazilgan moddiy va jismoniy zarar sugʻurta kompaniyalari tomonidan toʻliq qoplab beriladi. Bizda esa sugʻurta polislari, umuman sugʻurta tizimi amalda ishlamasligi hech kimga sir emas. Shu bois, portalga fuqaro tomonidan joylashtirilgan murojaat asosida qonunchilikka tegishli oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiq boʻladi.

Qoʻshimcha tarzda, yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari yonida boʻlmagan haydovchilarning javobgarligiga oid normani (MJtK 135-modda) ham qayta koʻrib chiqish lozim. Bunda haydovchiga yonida boʻlmagan, unutib qoldirilgan hujjatlarni maʼlum bir muddat davomida, deylik 3 kun ichida vakolatli organga taqdim etsa, haydovchiga nisbatan jarima yoki javobgarlik qoʻllamaslik amaliyotini joriy etish toʻgʻri boʻladi.

Umid qilaman, Oliy Majlisning masʼul qoʻmitasi yuqoridagi murojaat yuzasidan tez orada oʻzining ijobiy xulosasini taqdim etadi hamda qonunchilikka tegishli oʻzgartirish kiritilishiga erishiladi. Bu esa tanqidni suymaydigan, hammani uzr soʻrab chiqishini yaxshi koʻradigan IIVga jamoatchilik va parlament tomonidan munosib javob boʻladi.

Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?