Donald Tramp: Vladimir Putin mening do‘stim emas — men uni yaxshi bilmayman

11:29 13 Iyul 2018 Dunyo
471 0
Foto: livejournal.com

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zi uchun raqib, ammo dushman emasligini aytib o‘tdi.

Bu haqda RBK xabar tarqatdi. AQSH Prezidenti tez orada Rossiya Prezidenti bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi haqida jurnalist tomonidan berilgan savolga javob berar ekan shunday dedi. “U mening do‘stim emas — men uni yaxshi bilmayman, ammo u mening dushmanim ham emas – u shunchaki Rossiya prezidenti”, — degan Donald Tramp.

Ayni chog‘da Oq uy rahbari Putin bilan ehtimol do‘st bo‘lib qolishi mumkinligi haqida gapirib, Rossiya prezidenti bilan uchrashuv Yevropa bo‘ylab tashrifi davomidagi eng yengili bo‘lishiga umid bildirdi. Trampning aytishicha, bo‘lajak uchrashuvdan NATO bo‘yicha ittifoqchilar xursand bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 11-12 iyul kunlari Bryussel shahrida o‘tkazilgan NATOning navbatdagi sammitida ushbu tuzilma doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mavjud ichki qarama-qarshiliklar va muammolarni hal etish, mazkur tashkilotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rossiya va AQSH rahbarlarining uchrashuvi 16 iyul kuni Xelsinkida bo‘lib o‘tadi. Vladimir Putin va Donald Tramp ikki tomonlama hamkorlik, qurollar ustidan nazorat, Suriyadagi mojarolar, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?