Donald Tramp va Kim Chen In Ulan-Batorda uchrashadi

11:07 09 Aprel 2018 Dunyo
485 0
Foto: news-front.info


AQSh prezidenti Donald Tramp bilan KXDR yetakchisi Kim Chen In uchrashuviga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha muzokaralar shu kunlarda ikki davlat maxfiy xizmatlari tomonidan olib borilayapti. 

Xususan, har ikki davlat razvedka xizmatlari vakillari bir necha bor shu kabi muhokamalarni o‘tkazgan, hatto uchinchi mamlakatda ham ko‘rishishgan, deya xabar tarqatdi “CNN” telekanali Oq uydagi manbasiga tayanib.

Shimoliy koreyaliklar AQSh va KXDR rahbarlari ishtirokidagi sammitni o‘z poytaxtlari Pxenyan shahrida o‘tkazishni istashmoqda. Ammo bu borada hozircha Vashingtonning pozitsiyasi aniq emas. Muloqotning boshqa ehtimoliy manzili sifatida Mo‘g‘iliston poytaxti Ulan-Bator shahri aytilayapti, deb yozmoqda “RBK” axborot manbasi.

Hammasi to‘liq aniq bo‘lishi uchun Tramp va Kim Chen In uchrashuvi oldidan Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mark Pompeo KXDRlik o‘z hamkasbi bilan muzokaralar olib borishi kerak. “Shunda uchrashuv joyi aniqlanadi, sana belgilanadi va muloqot kun tartibi yanada aniqroq muhokama qilib olinadi”, - deb qayd etib o‘tdi “CNN”.

Bu borada AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi kanalidan foydalanayotganining boisi shundaki, ushbu idora direktori Pompeo yaqin kunlar ichida(Kongress ma’qullagandan so‘ng- ta’kid bizniki) ushbu davlat departamenti boshlig‘i lavozimini egallaydi, deb yozadi telekanal.

Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Xitoyga tashrif buyurib, Si Szinpin bilan uchrashgan edi. O‘shanda KXDR rahbari AQSh bilan sammit o‘tkazish xohishi borligini bir necha bora e’tirof etgan.

Ma’lumot uchun aytib o‘tamiz, Tramp va Kim Chen In o‘rtasida rejalashtirilayotgan uchrashuv haqidagi xabarlar dastlab shu yilning mart oyi boshida tarqala boshlagan edi. Shu vaqtda Janubiy koreyalik davlat mansabdorlaridan biri KXDR rahbari maktubini AQSh Prezidentiga yetkazgan edi. Mazkur xatda birgalikda uchrashuv o‘tkazish taklif etilgan va Oq uy uni qabul qilgan edi. Tramp shundan so‘ng Shimoliy Koreya bilan muzokaralar “buyuk kelishuvlar” bilan nihoyasiga yetishi mumkinligini ta’kidlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?