Donald Tramp va Kim Chen In uchrashuvida Mun Chje In ham qatnashishi mumkin

15:04 06 Iyun 2018 Dunyo
1008 0
Foto: lavoz.com.ar

AQSH va KXDR vakillari Singapurda 12 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi tarixiy uchrashuvga tobora qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayapti.

Uchrashuv joyi ham aniq bo‘ldi. U Sentosa orolidagi Capella mehmonxonasidir. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders o‘z tvitterida ma’lum qildi.

O‘z navbatida, kecha AQSH va KXDR vakillari Koreya yarim orolidagi Pxanmunjom chegara punktida navbatdagi ishchi uchrashuvini o‘tkazdi. AQSH delegatsiyasiga mamlakatning Filippindagi elchisi boshchilik qilgan bo‘lsa, Shimoliy Koreya vakillarini ushbu mamlakatning yadro muammosi bo‘yicha sobiq elchisi Chxve Son Xi boshqardi. Shu paytgacha ikki tomonlama ishchi darajadagi muzokaralarning beshta raundi o‘tkazilgan edi.

Donald Tramp esa muzokaralar chog‘ida qandaydir hujjatlar imzolash hozircha rejalashtirilmagani, ikki tomonlama muloqotni normallashtirish istiqbollari fonida KXDRga nisbatan bundan buyon maksimal bosim atamasini boshqa ishlatmasligini bildirgan.

Yana bir so‘nggi yangiliklarga ko‘ra, mazkur sammitga ko‘p jihatdan uning tashabbuskori bo‘lgan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In ham qo‘shilishi mumkin.

Biroq rasmiy Seul bu borada berilgan savollarga aniq javob qaytarmayapti.

Anig‘i shuki, Koreya Respublikasidan, qolaversa, Yaponiyadan bir guruh diplomatlar Donald Tramp va Kim Chen In uchrashuvini kuzatib borish uchun Singapurga yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?