Donald Tramp Putin bilan yangi yadroviy bitimni imzolaydimi?

13:25 06 Avgust 2019 Dunyo
198 0

Amerika Qoʻshma Shtatlar Oʻrta va qisqa masofaga uchadigan yadroviy raketalarni taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomadan chiqdi. Vashington bu qarorida Rossiyani ayblamoqda. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

“Bu davlat kelishuv shartlariga amal qilishni istamadi”, - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Maʼlumki, 1987-yilning dekabrida AQSH va Sovet ittifoqi rahbarlari Ronald Reygan hamda Mixail Gorbachev Oq uyda uchrashgan. Tantanali marosim ikki qudratli davlat orasidagi iliqlashuv ramzi edi deb yodga olinadi.

“Ushbu shartnomaning ahamiyati faqat raqamlarda emas. Ruslarda bir hikmatli ibora bor. Siz ham eshitgan boʻlsangiz kerak, janob bosh kotib. Doveryay, no proveryay, yaʼni ishoning ammo tekshiring deyishadi”, - degan edi Reygan.

Tashqi siyosat va qurollarni tarqatmaslik boʻyicha ayrim ekspertlar deydiki, kelishuvning bekor qilinishi xavotirga molik.

“AQSH Rossiyaga qarshi ishlatish uchun yangi qurollar ishlab chiqarishi, haqiqatdan ham, beqarorlikka olib keladi. Reygan va Gorbachev bu yoʻldan borish notoʻgʻri ekanini tushungani uchun ham ayrim kategoriyadagi qurollarni butunlay yoʻq qilishga kelishib olgan. Chunki ular Yevropa tinchligiga tahdid solgan boʻlardi”, - deydi Qurol nazorati markazidan Jeff Vilson.

Rossiyaning oʻrta masofaga uchadigan raketalari doirasida joylashgan Yevropada xavotir shuki, 2021-yilda muddati tugayotgan Yangi START bitimi ham yangilanmasligi mumkin.

“Yadro qurollari nazoratiga doir anʼanaviy muzokaralar va kelishuvlarga shubha bilan qaraydigan prezident va maslahatchilari oʻtiribdi Oq uyda. Albatta, ularni xavotir bosgan”, - deydi tahlilchi Mark Simakovskiy.

Prezident Tramp Rossiya bilan yangi shartnoma imzolanishiga umid qilmoqda.

“Rossiya yangi yadroviy bitim boʻyicha qadam tashlashni istaydi. Men ham qarshi emasman”, - deydi u.

BMT bosh kotibi ham bayonot bilan chiqdi.

“Qurol nazorati boʻyicha keyingi choralarni muhokama qilish uchun, Amerika va Rossiyani avvalo Yangi START bitimini uzaytirishga undayman”, - deydi Antonio Guterrish.

Prezident Vladimir Putin 32 yillik shartnomada Rossiyaning ishtirokini toʻxtatuvchi qonunga iyulda imzo chekdi. Undan oldin Tramp AQSH bu hujjatga ortiq amal qilmasligini eʼlon qilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?