Donald Tramp: «Men uchun O‘zbekiston yetakchisi bilan uchrashish katta sharafdir. U o‘z mamlakatida ham, uning tashqarisida ham katta hurmat-e’tibor qozongan»

10:47 18 May 2018 Siyosat
984 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar 
AQSh ommaviy axborot vositalarining katta qiziqishi hamda diqqat-e’tiborida bo‘ldi.

Xususan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp uchrashuvi haqidagi ilk xabarni “Associated Press” axborot agentligi tarqatdi. Agentlik materialida ta’kidlanganidek, bu O‘zbekiston rahbarining AQShga ilk rasmiy tashrifidir.

“Shavkat Mirziyoyev 33 millionga yaqin aholi yashaydigan mamlakatda liberallashuv jarayonini yo‘lga qo‘ydi. Prezident o‘tmish sarqitlarini uloqtirib tashlab, siyosiy mahbuslarni ozod etdi, xorijiy valyutani almashtirishga cheklovlarni bekor qildi, majburiy mehnat amaliyotiga chek qo‘ydi. Hukumat tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi: eski amaldorlar o‘rnini zamonaviy fikrlaydigan menejerlar egalladi”, deyiladi “Associated Press” tarqatgan maqolada.

Nufuzli “The New York Times” gazetasi muxbirlarining fikricha, respublika tabiiy resurslarga boy bo‘lib, bugun Rossiya, Xitoy hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari manfaatlari kesishayotgan Markaziy Osiyoda strategik muhim o‘rin tutadi”.

“Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani holda, O‘zbekiston ushbu mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston hamda AQSh Prezidentlarining uchrashuvida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va “Tolibon” harakati bilan tinchlik bitimini imzolash masalasi markaziy o‘rin tutdi”, deb yozadi amerikalik jurnalistlar.

AQSh yangiliklar tarmoqlari orasida birinchi o‘rinda turuvchi “CNN” telekanali o‘zining reportajida O‘zbekiston — Amerika aloqalarining ijobiy o‘sish sur’atini qayd etadi. Prezident Tramp O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi davrini ochishga intilayotgani ta’kidlanib, respublikada so‘nggi vaqtlarda inson huquqlari sohasida salmoqli o‘zgarishlar kechayotgani aytib o‘tiladi.
“CNN” muxbirlari Donald Trampning “Men uchun O‘zbekiston yetakchisi bilan uchrashish katta sharafdir. U o‘z mamlakatida ham, uning tashqarisida ham katta hurmat-e’tibor qozongan. Biz turli masalalar yuzasidan yaqin hamkorlik qilmoqdamiz”, degan so‘zlarini keltiradi. “CBS News” telekanali esa Amerika rahbariyati O‘zbekiston bilan aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo-sotiq, sarmoyalar hamda harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratayotganini xabar beradi.

“O‘zbekiston Prezidentining tashrifi chog‘ida Amerikaning yetakchi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 5 milliard dollarga yaqin bitimlar imzolandi. Mazkur kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi orqali AQShda ham, O‘zbekistonda ham ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, deydi “CBS News” jurnalistlari.

Oq uydagi muzokaralar jarayonini kuzatgan “ABC News” telekanali muxbirlari tomonlarning O‘zbekiston — Amerika strategik muloqotini davr talablaridan kelib chiqqan holda yangilashga mushtarak intilishini e’tirof etdilar. “ABC News”ning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyoda davlatlararo kooperatsiyaning jadallashib, bu mintaqaning yagona organizm sifatida shakllanishiga xizmat qilayotgan bir davrda Toshkent va Vashington o‘rtasidagi muloqot mintaqaviy siyosatning muhim omiliga aylanmoqda.

“The Washington Post” gazetasi o‘quvchilarining e’tiborini O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatda “Amerika ovozi” radiostansiyasini akkreditatsiyadan o‘tkazish haqidagi qaroriga qaratadi. “Amerika ovozi” AQShning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan ilk ommaviy axborot vositasi bo‘ldi. “Respublikaning tashqi dunyoga ochilishi mamlakatning yangi yo‘nalishdagi harakatiga imkoniyat yaratib, Markaziy Osiyoning chinakam erkinligi hamda barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadi”, deb yozadi gazeta sharhlovchisi Reyd Stendish.

“Newsweek” haftalik tahliliy jurnali “Prezident Tramp “Tolibon” harakati bilan tinchlik bitimi imzolashga yordam berishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashdi” sarlavhasi ostida batafsil maqolani chop etdi.

Vashingtonda hukm surayotgan atmosfera haqida fikr yuritarkan, jurnal sharhlovchilari Oq uydagi manbalar “Shavkat Mirziyoyevning tashrifi tarixiy ahamiyatga ega. Biz savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirib, inson huquqlari sohasida birgalikda ishlashni maqsad qilganmiz. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar bizda optimizm uyg‘otmoqda”, deya so‘zlaganini ta’kidlaydi.

Jurnalda qayd etilishicha, Amerika boshqaruv doiralari O‘zbekiston afg‘on masalasida o‘zining faolligini yanada oshirishiga umid qilayotir. Shu ma’noda, nashrda joriy yil mart oyida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgani va unda qatnashgan yigirmadan ortiq davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari Afg‘oniston hukumatining toliblar bilan muzokaralarni boshlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini birdek qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgani eslatib o‘tiladi.

“Bu mamlakat o‘z yo‘liga nisbatan aniq qarashga ega bo‘lib, nafaqat iqtisodiy erkinlashtirish, balki davlatning siyosiy, sud-huquq va ijtimoiy tizimini o‘zgartirishni nazarda tutadigan islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladi”, deya O‘zbekiston haqida fikr bildiradi “Newsweek” tahlilchilari.

«Xalq so‘zi» muxbirlari
Shavkat ORTIQOV va 
Anvar MIRZAYeV tayyorladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?