Dollar kursi nega koʻtarilib bormoqda? Markaziy bank izohi

14:43 18 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
1140 0
Markaziy bank

Markaziy bank dollar kursi nega koʻtarilib borayotganiga izoh berdi.

Oxirgi uch oyda tashqi iqtisodiy sharoitlarining oʻzgarishi ichki valyuta bozorida milliy valyuta almashuv kursining shakllanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi.

Oʻtgan yilning sentyabr oyidan boshlab valyuta almashuv kursi bozordagi xorijiy valyutaga boʻlgan joriy talab va taklif holatidan kelib chiqib shakllanib kelmoqda.

Valyuta kursining oʻzgarishi oldingi yillarda kuzatilgan doimiy devalvatsiya tendensiyasidan farqli ravishda, joriy yilda ichki va asosan tashqi omillar taʼsirida shakllanib, turli yoʻnalishdagi dinamikaga ega boʻlmoqda.

2018 yilning yanvar-iyul oylarida valyuta kursi dinamikasi asosan mavsumiy omillar taʼsirida shakllandi.

Xususan, yanvar oyida eksport va xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining nisbatan kam boʻlganligi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 8139 soʻm/dollardan 8189 soʻm/dollargacha pasaydi.

Shu bilan birga, mart-iyul oylarida eksport va boshqa manbalardan valyuta tushumlarining oshishi natijasida soʻmning almashuv kursi teskari dinamikaga ega boʻlib, birinchi avgust holatiga 7782 soʻm/dollargacha qadri oshdi.

Bundan tashqari, chet el valyutasidagi kreditlar hajmining tez surʼatlarda oʻsishi va depozitlar dollarizatsiya darajasining pasayishi ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutaga boʻlgan talabni qisman qondirilishiga xizmat qildi. Shuningdek, milliy valyutadagi muddatli va jamgʻarma depozitlar hajmining oshishi ham soʻm almashuv kursining shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlarimiz boʻlgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya – 19 foiz, Qozogʻiston – 17 foiz, Xitoy – 9 foiz, Turkiya – 56 foiz) taʼsiri kuchaydi. Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin oʻzgarishi soʻm almashuv kursiga bir oydan uch oygacha boʻlgan muddatdan keyin oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Natijada soʻmning real almashuv kursi ushbu davlatlar valyutalariga nisbatan qadri sezilarli darajada oshdi (Rossiya rubliga nisbatan 29 foizga, Qozogʻiston tangasiga nisbatan 22 foizga, Turkiya lirasiga nisbatan 67 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan 14 foizga).

Ushbu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini pasaytirib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga taʼsir etmoqda.

Birinchidan, yuqorida qayd etilgan valyutalarning keskin devalvatsiyasi tashqi bozorlarda mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qimmatlashuviga olib kelib, ularning valyuta tushumlarini qisqartirdi.

Ikkinchidan, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar narxlarining chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlariga nisbatan raqobatbardoshligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu, oʻz navbatida, chetdan import qilishni ragʻbatlantirgan holda, xorijiy valyutaga qoʻshimcha talabni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro pul oʻtkazmalarining asosiy qismi toʻgʻri keladigan davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi, ushbu davlatlardan mamlakatimizga yuboriladigan pul oʻtkazmalari hajmining kamayishiga olib keldi.

Yuqorida keltirilgan omillar taʼsirida 2018 yilning avgust oyidan boshlab soʻm almashuv kursining ichki valyuta bozoridagi sharoitlarga javoban oʻzgarishi kuzatilib, joriy yilning 18 sentyabr kuni 8062 soʻm/dollarni* tashkil etdi (yil boshida – 8139 soʻm/dollar).

Valyuta birjasi savdolaridagi soʻmning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi oʻzgarishi dinamikasi

Markaziy bank infografikasi

Shu bilan birga, 2018 yilning qolgan oylari soʻm almashuv kursining yil boshidagi darajasiga nisbatan keskin oʻzgarishi kutilmayapti.

Valyuta kursining joriy dinamikasi tashqi omillar taʼsirini yumshatib, iqtisodiyotimizni oʻzgaruvchan tashqi sharoitlarga moslashishiga yordam beradi. Xususan, Xalqaro pul oʻtkazmalari va eksportdan tushadigan tushumlarning kamayishi sababli yuzaga keladigan yoʻqotishlar, almashuv kursi pasayishi natijasida uning soʻmdagi ekvivalentining oshishi hisobiga maʼlum darajada qoplanadi.

Markaziy bank tomonidan kelgusida ham, almashuv kursining fundamental trendiga taʼsir etmagan holda, uning keskin tebranishlarini oldini olish maqsadida, ichki valyuta bozorida intervensiyalar amalga oshirib boriladi.

Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi ishtiroki oltin-valyuta rezervlari hajmini oshirish yoki ulardan valyuta almashuv kursini maʼlum darajada ushlab turish uchun foydalanish maqsadlarini koʻzlamaydi. Avval taʼkidlanganidek, Markaziy bank “oltin-valyuta rezervlar neytralligi” tamoyiliga amal qilishni davom ettiradi.

Bunda, Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotish, ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin hajmi doirasida likvidlikni sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Intervensiyalar hajmi ichki valyuta bozoriga kelib tushadigan xorijiy valyuta tushumlarining mavsumiyligi taʼsirida oylar orasida oʻzgarishi mumkin.

Milliy valyutaning qadrsizlanishi ichki narxlar shakllanishiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatadi. Markaziy bank hisob-kitoblariga koʻra, soʻm almashuv kursining bir foizga qadrsizlanishi yillik inflyatsiya surʼatini oʻrtacha 0,2 foiz bandga tezlashishiga olib keladi.

Tashqi omillar oʻzgarishi va soʻm almashuv kursi dinamikasining inflyatsiya darajasi hamda inflyatsion kutilmalarga taʼsirini kamaytirish maqsadida pul-kredit siyosati yoʻnalishlariga tegishli oʻzgartirish kiritish masalasi Markaziy bank Boshqaruvining joriy yil 22 sentyabridagi yigʻilishida muhokama qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?