Dollar kursi nega keskin koʻtarildi? – Markaziy bank axboroti

19:38 09 Avgust 2019 Iqtisodiyot
1271 0

Illyustrativ foto

Ichki valyuta bozoridagi joriy holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki axborot berdi:

“Joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa soʻnggi haftada ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan almashuv kursi oshish surʼatining tezlashishi kuzatilmoqda.

Bunga bir qator tashqi va ichki omillar sabab boʻlmoqda.

Tashqi omillar. Joriy yilning iyul oyidan boshlab Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkor davlatlari (Rossiya, Qozogʻiston va Xitoy) milliy valyutalari almashuv kursining qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilmoqda va bu, oʻz navbatida, ichki valyuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi boʻyicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatmoqda.

Ichki omillar, asosan, import qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutaga boʻlgan talabning oʻsib borishi bilan bogʻliq.

Ichki valyuta bozorida talab va taklif hajmlari maʼlum bir darajada barqaror shakllangan davrda, Markaziy bankning intervensiyalari ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida hosil boʻlgan qoʻshimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish bilan birgalikda, valyuta kursini qisqa muddatli tebranishlarini pasaytiruvchi instrument sifatida qoʻllanib kelinadi.

Shuningdek, ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, Markaziy bank intervensiyalarni amalga oshirishda valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qoʻllash mexanizmiga oʻtmoqda.

Markaziy bank almashuv kursining valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatga qisqa muddatli kurs tebranishlarning davom etishi xamda keyinchalik fundamental trendiga qaytishi hisobiga katta boʻlmagan oʻzgarishlar bilan moslashib olishi mumkinligini bildiradi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?